✅ Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova rahbarligida PISA 2022 natijalari, ta’lim sifatini oshirish, pedagoglar mahoratini yuksaltirish, shuningdek, PISA 2022 jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
❗️Unda vazirlik mas’ullari va barcha hududiy boshqarmalar rahbarlari ishtirok etishdi. Tadbir avvalida hududiy boshqarmalar rahbarlarining 2023 yil yakunlariga bag‘ishlangan hisoboti hamda keyingi yilga rejalashtirilgan loyihalari haqidagi axboroti tinglandi.
✔️Shundan so‘ng, PISA 2022 natijalari to‘g‘risida tahliliy taqdimot bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbekistonlik o‘quvchilar tomonidan qo‘lga kiritilgan natijalar hududlar kesimida tahlil qilinib, kerakli tavsiyalar berildi.
➖ Har birimiz bu tadqiqotlar asosida turgan nuqtamizni yaxshiroq tushunishimiz va bundan keyingi harakatni shunga qarab amalga oshirishimiz lozim. Bu yilgi natijalarimizdan kelib chiqqan holda 2025 yilgi tadqiqotlarga hozirdan jiddiy tayyorlanish zarur.
Xabaringiz bor, xorijlik ekspertlar va o‘zimizning malakali mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuzilgan. Ularning tavsiyalari va barcha hudud rahbarlari takliflari asosida birinchi navbatda har bir tuman kesimida «yo‘l xaritalarini» ishlab chiqamiz.
Bu o‘qituvchilar va o‘quvchilarimizni tayyorlash hamda natijalarimizni yaxshilashga yordam beradi, – dedi Hilola Umarova.
🔴 Ma’lumot uchun: ayni damda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda OECD tashkilotining rasmiy saytida o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida namunaviy savollar joylashtirilgan bo‘lib, unda o‘quvchilar o‘z bilimlarini sinab borishlari mumkin.
Shuningdek, vazirlik tomonidan PISA tadqiqotlari yo‘nalishida maxsus platforma yo‘lga qo‘yilishi hamda uni yanada takomillashtirish yuzasidan hududlardan taklif va tavsiyalar olinishi ma’lum qilindi.