O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 39-moddasida Har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega ekanligi qayd etilgan.
Shunday ekan, bugungi kunda fuqarolarga pensiya va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va to‘lash ishlari qanday va qay tartibdi bajarilmoqda?
Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasidan ma’lum qilishlaricha, ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarga pensiyalarni tayinlash va ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalarga ijtimoiy nafaqalarni tayinlash tizimi shartli ravishda ikkiga bo‘linadi.
Bunda pensionerlarga pensiya to‘lovlari uchun mablag‘lar, asosan bugungi kundagi ish beruvchilarning Pensiya jamg‘armasiga to‘layotgan ijtimoiy to‘lovlari hisobidan amalga oshiriladi.
Fuqarolar pensiya olish huquqi paydo bo‘lganidan so‘ng istalgan paytda pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etishlari mumkin.
Masalan, yoshga doir pensiya olish huquqiga erkaklar 60 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 25 yil, ayollar 55 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lganda ega bo‘ladi.
Pensiya yoshiga yetib, zaruriy ish stajiga ega bo‘lmagan, lekin kamida 7 yillik ish staji mavjud bo‘lsa, bor stajiga mutanosib ravishda to‘liqsiz miqdorda yoshga doir pensiya tayinlanadi. To‘liqsiz yoshga doir pensiyaning miqdori yoshga doir eng kam pensiyaning 50 foizidan kam bo‘lmasligi lozim.
Davlat pensiyasini tayinlash uchun ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalarga va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga ijtimoiy nafaqalar davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi. U Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorlarini oshirish to‘g‘risidagi farmoniga muvofiq qat’iy miqdorlarda belgilanadi.
Misol uchun, yoshga doir nafaqalar erkaklarga 65 yoshga yetganlarida va ayollarga 60 yoshga yetganlarida hamda ish stajlari 7 yildan kam bo‘lganda tayinlanadi. Yoshga doir ijtimoiy nafaqaning miqdori (2019 yil 1 yanvar holatiga) 243 300 so‘mni tashkil etadi.
2019 yilda biror bir turdagi pensiya va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash tartibi bekor bo‘lmagan hamda barcha to‘lovlar o‘rnatilgan tartibda har oyning 27-sanasiga qadar to‘liq amalga oshiriladi.