Odamlar buyuk tobein Said ibn Musayyib rahimahullohni doim mahzun holatda ko‘rishar edi. Bu zotning yuzida mahzunlik zohir bo‘lib turar, buni hamma ko‘rib, bilib yurar edi.
Bir kun u zotdan:
– Hazrat, nima sababdan doimo mahzun holatdasiz? – deya so‘raldi.
U zot bunday javob berdi:
– Alloh bobomni rahmatiga olsin. U kishining ismi Hazan bo‘lib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bo‘lgan. Bobom Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bay’at qilishga kelganida u zot alayhissalom:
– Isming nima? – deya so‘radilar.
Bobom:
– Hazan, – deb javob berdi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
– Yo‘q, sen Sahlsan, – dedilar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam ismlarni ma’nosi yaxshiroq va go‘zalrog‘iga o‘zgartirishni yaxshi ko‘rar edilar.
Bobom:
– Otam qo‘ygan ismni o‘zgartirmayman, – dedi va Nabiy sollallohu alayhi vasallam qo‘ygan ismdan yuz o‘girdi.
O‘sha kundan boshlab mahzunlikni lozim tutganmiz, bu bizning lozimiy odatimizga aylangan.
* * *
Bu voqeani imom Buxoriy va boshqalar o‘z kitoblarida keltirishgan.
Buyuk tobeinlardan bo‘lmish Said ibn Musayyib rahimahulloh otalari Nabiy sollallohu alayhi vasallamga beodoblik qilgani, shu sababli mahzunlik odatiga aylanganini so‘zlab berdi.
Ba’zi manbalarda ushbu sahobaning:
– Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga Hazan (qiyinchilik) ni Sahl (xursandchilik)ka o‘zgartirishni aytganlarida ko‘nmagan edim. Afsus u zot alayhissalomning aytganlarini qilavermagan ekanman, umrim g‘am-qayg‘u va qiyinchilik ichida o‘tdi, – degani keltirilgan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam ismlarning yomon ma’nodagilarini yaxshi ma’noga o‘zgartirganlar. Zotan, ism ham hayot tarzini qay holatda bo‘lishiga sababchi bo‘lib qolishi mumkin.
Shunday ekan, qo‘yayotgan ismlarimizga e’tibor qilaylik.
Avvalo: eng yaxshi ism Abdulloh, Abdurahmon kabi ismlar va Muhammad, Ibrohim, Muso, Iyso, Yahyo, Zakariyo, Oisha, Xadicha, Humayro va hokazo.
Qolaversa ma’no jihatidan yaxshi bo‘lgan ismlar ham joiz.
Shu o‘rinda nozik masala borki, u ham bo‘lsa payg‘ambarlar ismini qo‘yish. Ba’zilar payg‘ambarlar alayhimussalom ismlarini qo‘yish bolaga og‘irlik qiladi, qo‘yish joiz emas deyishadi.
Ammo bu noto‘g‘ri so‘z. Payg‘ambarlar ismini qo‘yish joiz va savobli amaldir.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “(Farzandlaringga) mening ismimni qo‘yinglar! Kunyamni qo‘ymanglar. Chunki men sizning o‘rtangizda (ilmni) taqsimlovchi qilindim”, deb aytganlar.
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati.
Ammo ba’zi ismlar borki, ular ma’no jihatidan qo‘yishga noloyiq bo‘lib o‘zgartirib olish lozim.
Masalan: Savri (buqa), Mahzuna, Bolta, Tesha, Bo‘ri, Qo‘chqor va hokazolar.
Yana bir masala borki ism o‘zgartirilganda qilinadigan maxsus amal yo‘q. Oddiygina ism o‘zgartirib qo‘yiladi, xolos.
Boshqatdan azon aytilib, aqiqa qilinib o‘tirilmaydi.
Sunnatulloh Abdulbosit