Bugun 14 aprel, 2026 yil, seshanba

КИР

Patrushev: Boltiqbo‘yi davlatlari va Finlyandiya Ukraina dronlari hujumlarida ishtirok etmoqda

Patrushev: Boltiqbo‘yi davlatlari va Finlyandiya Ukraina dronlari hujumlarida ishtirok etmoqda

Rossiya prezidentining yordamchisi Nikolay Patrushev Boltiqbo‘yi davlatlari hamda Finlyandiyani Ukrainaga tegishli uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) uchun o‘z havo hududini taqdim etishda aybladi. Uning ta’kidlashicha, bu holat Rossiya hududiga, xususan, Leningrad viloyatidagi portlar va dengiz infratuzilmasiga zarbalar berilishiga imkon yaratmoqda.

Patrushevning so‘zlariga ko‘ra, bunday harakatlar NATOga a’zo davlatlarning Rossiyaga qarshi hujumlarda “bevosita ishtiroki” sifatida baholanadi va bu “muayyan oqibatlarga” olib kelishi mumkin. U, shuningdek, Ukraina shimolidan Leningrad viloyatigacha bo‘lgan masofa 1400 kilometrdan oshishini aytib, bunday parvozlar tegishli davlatlarning roziligisiz amalga oshirilishi qiyinligini qayd etdi.

Dalil sifatida u Estoniya aholisi dronlar haqida SMS ogohlantirishlari olayotganini hamda Finlyandiya hududida ukrain dronlari qoldiqlari topilayotganini keltirdi. Shuningdek, uning aytishicha, Finlyandiya Ukrainadan zarbalarni to‘xtatishni talab qilmasligini bildirgan.

Avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova ham shunga o‘xshash bayonot bilan chiqib, Boltiqbo‘yi davlatlarini Ukrainaga o‘z osmonidan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan edi.

Biroq Estoniya, Latviya va Litva tashqi ishlar vazirlari bu ayblovlarni qat’iyan rad etdi. Ular 10 aprel kuni e’lon qilgan qo‘shma bayonotda hech qachon Ukrainaga Rossiya hududiga zarba berish uchun o‘z havo hududidan foydalanishga ruxsat bermaganini ta’kidladi. Diplomatlarga ko‘ra, bu pozisiya avvalroq Rossiya tomoniga ham yetkazilgan.

Bayonotda Rossiya “yolg‘on ma’lumot tarqatishda davom etayotgani” aytildi va Boltiqbo‘yi davlatlarining Ukraina bilan to‘liq birdamligi qayd etildi. Shu bilan birga, Latviya Mudofaa vazirligi Moskvaning bu iddaolarini NATOga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otishga qaratilgan axborot operasiyasi sifatida baholadi.

Kiritildi: Bugun 09:22. O'qildi: 546 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!