Kreml Vengriya muxolifati yetakchisi Peter Madyarni parlament saylovlaridagi g‘alabasi bilan tabriklashni rejalashtirmayapti. Bu Vengriya do‘stona bo‘lmagan mamlakat ekani bilan izohlanadi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
«Biz do‘stona bo‘lmagan davlatlarga tabriklar yubormaymiz», dedi u Yunashev Live dasturiga bergan sharhida. «Va Vengriya do‘stona bo‘lmagan mamlakat; u bizga qarshi sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi».
Peskov saylovda yutqazgan Bosh vazir Viktor Orban bilan do‘stona munosabatda bo‘lganmi degan savolga Kreml vakili «ular muloqotda bo‘lgan» deb javob berdi.
Biroq Moskva 2022 yilda g‘alaba qozongan Orbanni tabriklagandi. Shuningdek, AQSh ham Rossiyaga do‘ston bo‘lmagan davlat sanaladi, 2024 yilgi saylovlarda yutgan Tramp, shaxsan Putin tabriklagandi.
Peskov Rossiya Vengriyaning yangi rahbariyati bilan munosabatlarni o‘rnatishga tayyorligini, lekin avval «mamlakatning umumiy yo‘nalishi qanday bo‘lishini» baholab berishini ta’kidladi. Uning aytishicha, Moskva va Budapesht o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashmasligi mumkin, chunki ular allaqachon past darajada turibdi.
Financial Times xabariga ko‘ra, Yevropa yetakchilari parlament saylovlaridan keyin Vengriya siyosiy yo‘nalishida o‘zgarishlar bo‘lishini kutmoqdalar. Nashr manbalarining ta’kidlashicha, saylangan bosh vazir Madyar Ukrainaga moliyaviy yordamni to‘sig‘ini olib tashlashi va Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketiga rozi bo‘lishi kutilmoqda.