Ozarbayjon maktablarida rus tilidagi ta’lim bosqichma-bosqich tugatilmoqda. Hozirda mamlakatda faoliyat yuritayotgan 300 dan ortiq rus tilidagi maktablar taqdiri katta savol ostida qolmoqda.
Maktab chatlari orqali ota-onalarga yuborilayotgan xabarlarda aytilishicha:
Uch yil ichida maktablar to‘liq ozarbayjon tilida ta’limga o‘tadi;
Rus tilidagi darslar bekor qilinadi;
Rus sinflarida dars berayotgan o‘qituvchilar qayta tayyorlov kurslariga yuboriladi.
Hozirda:
16 ta maktab faqat rus tilida ta’lim beradi;
Qolganlarida esa ikki tilda — rus va ozarbayjon tillarida o‘quv jarayoni olib boriladi.
Hukumat bu masala yuzasidan hali rasmiy bayonot bermagan. Biroq turli manbalar ushbu o‘zgarishlar taxminan 2025 yildan kuchga kiradi, deb xabar tarqatmoqda.
Ota-onalar va ta’lim sohasi vakillari orasida bu qaror katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar buni milliy tilni rivojlantirish deb baholashsa, boshqalar ta’limda til tanlash erkinligi cheklanayotganini ta’kidlamoqda.