Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevni haqorat qilgan rus siyosatchisi Vladimir Karasevning so‘zlari Moskvadagi Ozarbayjon elchixonasi tomonidan keskin qoralandi. Elchixona diplomatik kanallar orqali Rossiya tomonidan Ozarbayjon yetakchisiga nisbatan bunday munosabatlarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.
Karasevning haqoratli izohi Ozarbayjon prezidentining Oqtovdagi aviahalokat uchun Rossiya vakillarini tanqid qilganidan keyin paydo bo‘ldi. U o‘z Telegram kanalida Aliyevni haqorat qilganini rad etib, ispan tilidagi “pidas” atamasiga murojaat qilib o‘zini oqlamoqchi bo‘lgan.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Karasevning bayonotidan bexabar ekanini bildirib, Rossiya tashqi siyosati prezident va tegishli vazirlik tomonidan muvofiqlashtirilishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev aviahalokat munosabati bilan Rossiyaga kechirim so‘rash, aybni tan olish va kompensasiya to‘lash talabini qo‘ygandi. Oqtovdagi aviahalokat oqibatida 38 kishi halok bo‘lgan.