Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlik kuchayib borayotganidan jiddiy xavotir bildirib, Pokiston hududiga harbiy hujumlarni qoraladi. Bu haqda “Report” mamlakat tashqi ishlar vazirligiga tayanib xabar berdi.
Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi rasmiy bayonotida : “Biz Pokistonga bir necha tinch aholining o‘limi va jarohati bilan yakunlangan harbiy hujumlarni qoralaymiz.“Pokiston xalqi bilan birdamlikda begunoh qurbonlarning oila a’zolariga hamdardlik bildiramiz va yaradorlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilaymiz”.
Agentlik shuningdek, Ozarbayjon barcha tomonlarni vazminlikka va mojaroni diplomatik yo‘llar bilan hal qilishga chaqirishini ta’kidladi.
Pokistonning Ozarbayjondagi elchisi Qosim Mohiuddin yordam uchun minnatdorchilik bildirdi.
“Biz Ozarbayjonning cheksiz qo‘llab-quvvatlashini yuksak qadrlaymiz”, dedi diplomat.
Mohiiddin ham ozarbayjon tilida qo‘shib qo‘ydi: “Ozarbayjon va Pokiston ikki aka-uka kabi hamisha birdam bo‘ladilar!”
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Hindiston harbiy-havo kuchlarining Pokistondagi fuqarolik infratuzilmasiga bergan zarbalari natijasida 26 kishi halok bo‘lgan, 46 kishi yaralangan. Pokiston "vaqt va joyni o‘zimiz belgilaymiz" deb qattiq javob berishga va’da berdi.
Tongga yaqin Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Asif Hindistonning beshta samolyoti - Fransiyada ishlab chiqarilgan uchta Rafale, shuningdek, Rossiyada ishlab chiqarilgan Su-30 va MiG-29 samolyotlari urib tushirilganini aytdi. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, PUAlar urilgan va nazorat chizig‘i bo‘ylab qo‘rg‘onlar vayron qilingan. Hindiston tomoni bu yo‘qotishlarni tasdiqlamadi, biroq Srinagar ayeroportini yopdi.
Ozarbayjon va Pokiston o‘rtasida an’anaviy ravishda yaqin siyosiy va harbiy-texnik aloqalar mavjud. Pokiston Qorabog‘ mojarosi tufayli Armanistonni davlat sifatida tan olmagan kam sonli davlatlardan biridir.