MOQ rahbariyati joylarda federasiya hamda assosiasiyalar, ularga qarashli o‘quv-mashg‘ulot bazalariga tashrif buyurib, terma jamoalarimizning Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik rejalari bilan tanishishni boshladi.
Dastlab Olimpiya o‘yinlarida delegasiyamiz g‘aznasiga muntazam qimmatli medallarni taqdim qilib kelayotgan O‘zbekiston boks federasiyasining yaqin 2 va 4 yillik rejalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda MOQ raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Qo‘mita Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, O‘zbekiston boks federasiyasi rasmiylari ishtirok etishdi.
Rasmiylar bokschilarimizning Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi muvaffaqiyatli ishtirokini keyingi Olimpiadalarda ham davom ettirish lozimligini ta’kidlashdi. Buning uchun terma jamoamizning muhim musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishiga barcha sharoitlarni yaratib berish, seleksiya va farmakologiya yo‘nalishlari bo‘yicha ishni yanada kuchaytirish borasida tavsiyalar berildi.
Shuningdek, ayollar boksi bo‘yicha ham bir qator yo‘nalishlar belgilab olindi. Qizlarimiz ham to‘liq tarkibda Los-Anjeles-2028 ga lisenziya olishlari, ayollar boksida ham Olimpiada medalini qo‘lga kiritish ustuvor vazifalardan ekani ta’kidlandi.
Bugun rasmiylar kun davomida O‘zbekiston dzyudo va tennis federasiyalariga ham tashrif buyurib, ularning taqdimotlari bilan tanishishlari reja qilingan.