Trampning tahdidlaridan so‘ng BRIKS o‘z valyutasini rejalashtirmayotganini ma’lum qildi.
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp BRIKSga a’zo davlatlar o‘z umumiy valyutasini yaratadigan bo‘lsalar, ularga nisbatan bojlar joriy etish bilan tahdid qilganidan so‘ng, Janubiy Afrika hukumati uyushmaning bunday rejalari yo‘qligini ma’lum qildi, deb yozadi Bloomberg.
«So‘nggi paytlarda noto‘g‘ri ma’lumotlar BRIKS yangi valyuta yaratishni rejalashtirayotgani haqidagi yolg‘on hikoyaning paydo bo‘lishiga olib keldi. Ammo bu unday emas», — deydi agentlik Janubiy Afrika tashqi ishlar vazirligi bayonotidan iqtibos keltirgan holda.
Qayd etilishicha, BRIKS mamlakatlari o‘rtasidagi muhokamada asosiy e’tibor milliy valyutalardan foydalangan holda savdoga qaratilgan.
Kuni kecha Donald Tramp agar BRIKS dollarga muqobil yo‘l topib, o‘z valyutasini yaratishga harakat qilsa, Qo‘shma Shtatlar assosiasiya mamlakatlariga 100 foizlik boj joriy etishini aytdi.