Bugun 4 may, 2024 yil, shanba

КИР

Ota farzandining, jiyan tog‘asining qotiliga aylandi

Ota farzandining, jiyan tog‘asining qotiliga aylandi

Yaqin qarindoshlar et bilan tirnoqqa o‘xshaydi. Ularni bir-biridan ajratishning og‘rig‘i va azobini tasavvur etib bo‘lmaydi. Afsuski, bugun oramizda bu sitamni yaqinlariga ravo ko‘rayotganlar ham yo‘q emas. Xususan, joriy yilning o‘tgan ikki oyi mobaynida Toshkent viloyatida ota-bola, aka-uka, tog‘a-jiyan va er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchiliklar 8 ta holatda ayanchli yakun topdi. Bu haqda Mahalla nashri yozmoqda.

Farzandining qotiliga aylangan ota

Oqqo‘rg‘on tumanidagi Guliston mahallasida yashovchi Sherzod Namozov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) qo‘shni respublikaga mavsumiy ishlash uchun ketmoqchi bo‘ldi. Ertalab yo‘lkira uchun onasidan 50 ming so‘m pul olib, safarga otlandi. Biroq tushdan so‘ng mast holatda uyiga qaytib kelib janjal ko‘tardi. Nima uchun ishga bormaganini so‘ragan ota-onasini haqoratladi.

Tanbeh bermoqchi bo‘lgan otasini esa bor kuchi bilan yerga itarib yubordi. O‘g‘lining xurmacha qiliq laridan to‘ygan ota oshxona pichog‘ini olib, jigargo‘shasining ko‘kragiga bir necha marta sanchdi. Endigina o‘ttiz bahorni qarshilagan yigit voqea joyida vafot etdi.

Tog‘asini siylagan jiyan

Toshkent tumanidagi Uch chinor mahallasida istiqomat qiluvchi Xolmat Husanov esa tog‘asiga rahm qilmadi. Yaqin qarindoshlar o‘rtasida yer talashishdan kelib chiqqan mojaro tog‘aga pichoq sanchish bilan yakunlandi. Tibbiyot birlashmasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanuvchining ko‘krak qafasiga orqa, o‘ng va chap tomondan jarohat yetkazilgan.

Janjaldan jiyan ham o‘z nasibasi ni oldi. Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining ma’lumotnomasiga ko‘ra, X.Xusanovda bosh miya chayqalishi, teri osti gematomasi, bo‘yin sohasining lat yeyishi tan jarohatlari aniqlangan.

Qondoshlar o‘rtasidagi jinoyatlar ruhiyatga bog‘liqmi?

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: nima uchun jon-jigarlar bir-biriga pichoq o‘qtalmoqda? Bunday holatlarning urchishiga kim yoki qanday omillar zamin yaratyapti?

Odamlar alamzadalik, o‘z turmushidan qoniqmaslik, oila va jamiyatda o‘z o‘rnini topa olmasligi natijasida yaqinlariga ziyon yetkazadi, deydi psixolog Dildora Rahimova. Bunday holatlarda kishi ruhiyatidagi o‘zgarishlar uning xatti-harakatlarida namoyon bo‘ladi. Masalan, birinchi voqea alamzadalik mahsuli bo‘lsa, ikkinchisi, o‘z manfaatlarini hammanikidan ustun qo‘yish natijasida sodir bo‘lgan. Kishida bunday xulq birdaniga shakllanmaydi. Oila a’zolarining bir-biriga befarqligi, er-xotin o‘rtasidagi surunkali janjallar, farzandning qiziqishlari bilan hisoblashmaslik kabilar bunga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, ruhiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi kompyuter o‘yinlarini muntazam o‘ynash va jangari filmlarni doimiy tomosha qilish ham kishi diydasini qotiradi. Bir so‘z bilan aytganda, inson xarakteri u ulg‘aygan va yashayotgan muhitda shakllanadi.

Darhaqiqat, oila-turmush darajasidagi jinoyatlar tahlili ularning bir kunlik kelishmovchilik yoki janjal ortidan sodir bo‘lmaganini ko‘rsatadi. Yillar davomidagi adovat qon-qarindoshlar o‘rtasidagi rishtalarni mo‘rt qilib qo‘ygan. Uning uzilishi uchun esa birgina so‘z, birgina qarashning o‘zi kifoya. Pichoq esa buning uchun vosita, xolos.

Xo‘sh, munosabatlardagi bu mo‘rtlikni nahot qo‘ni-qo‘shnilaru mahalla faollari payqamadi? Yoki bilib turib bilmaslikka, sezib turib sezmaslikka olishdimi? Bu savol bilan har ikki mahalla faollariga murojaat qilganimizda, bu oilalarda kichik janjallar bo‘lib turganini aytishdi. Shunday holatlarda oila a’zolari bilan suhbatlar o‘tkazilganmi, degan so‘rovimizga esa jo‘yali javob ololmadik.

...Befarqlik, O‘z muammoingni o‘zing hal qil , qabilida tutilgan ishning oxiri baxayr bo‘lmadi. Ota farzandining qotiliga aylandi, jiyan esa tog‘asiga qo‘l ko‘targan yigit degan tamg‘ani oldi...

Kiritildi: 15:28 14.03.2019. O'qildi: 2203 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!