Bishkekda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida so‘zga chiqqan Vengriya bosh vaziri, Donald Tramp Oq uyga qaytganidan so‘ng, Kiyevga ko‘rsatilayotgan Amerika yordami to‘xtatilishi mumkinligini taxmin qildi.
Shu munosabat bilan Yevropaning Ukrainani moliyaviy va harbiy jihatdan yolg‘iz o‘zi qo‘llab-quvvatlash qobiliyatiga nisbatan “jiddiy shubhalar mavjud,” shu bois Yevropa Ittifoqining yangi strategiyasi zarurligini Viktor Orban ta’kidladi.
Vengriya bosh vaziri birinchilardan bo‘lib Trampni prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasi bilan tabrikladi va uni “ajoyib” hamda “butun dunyoda tinchlik uchun umid bag‘ishlovchi” deb atadi. 8 noyabr kuni Budapeshtda Yevropa Ittifoqining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tadi, unda Donald Trampning AQShdagi g‘alabasi va uning ehtimoliy oqibatlari asosiy mavzulardan biri bo‘ladi.