🇨🇳 Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Farxodjon Tashpulatov boshchiligidagi delegasiya Xitoy Xalq Respublikasida bo‘ldi.
✅ Vakillarimiz tashrif buyurgan Shensi provinsiyasida ko‘plab yetakchi tibbiyot muassasalari, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot institutlari joylashgan bo‘lib, radioterapiya sohasida yuqori texnologiyali uskunalar ishlab chiqarish bo‘yicha salmoqli yutuqlarga erishilgan.
📌 Xususan, “DAI OUR Group” kompaniyasi ishlab chiqarishdan tortib, uskunalarni yig‘ish, sozlash va yetkazib berishgacha bo‘lgan xizmatlarni taklif etish bilan birga, yuqori sifatli o‘quv dasturlari bilan ta’minlaydi.
🔗 Safar davomida o‘zbek mutaxassislari radioterapiya sohasidagi eng zamonaviy texnologiyalar, xususan, bosh miya kasalliklarini davolashda qo‘llaniladigan dunyodagi yagona nusxadagi gamma-pichoq tizimlari bilan yaqindan tanishdi.
💻 Shuningdek, delegasiya chiziqli tezlatgich (“Linac”) uskunasi joylashgan hududda “DAI OUR Group” kompaniyasining “Taichi” nomli uskunasi haqida qo‘shimcha ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Uning yordamida bemorni davolash jarayoni bo‘yicha jonli translyasiya olib borildi hamda mazkur texnologiyaning afzalliklari va boshqaruv jarayonlari bilan tanishtirildi.
💬 Delegasiya vakillarining ta’kidlashicha, bu jarayonning mamlakatimizda yo‘lga qo‘yilishi onkologik kasalliklarni diagnostika qilish va davolashning sifatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
➡️ Safar davomida “DAI OUR Group” kompaniyasi bilan gamma-pichoq, “Taichi” tizimi, chiziqli tezlatkichlar yordamida onkologik kasalliklarni diagnostika qilish hamda davolash texnologiyalari sohasida faol hamkorlik o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.
🤝 Aniqrog‘i, poytaxtimizdagi Milliy tibbiyot markazi hamda Farg‘ona vodiysi, Orolbo‘yi va voha hududlari uchun zamonaviy uskunalarni DXSh asosida olib kelib o‘rnatish, shuningdek, ulardan foydalanish borasida tibbiyot xodimlari malakasini oshirish va bu jarayonga xorijlik mutaxassislarni jalb qilish kabi yo‘nalishlarda loyihalar amalga oshirilishi yuzasidan hamkorlik qilishga kelishib olindi.
📝 Safar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sheng-Ke International” MCHJ va “Our United Corporation” o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu kelishuv O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida tibbiyot sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga va mamlakatimizda onkologiya sohasida yangi bosqichni boshlab berishga asos bo‘ladi.