Ijtimoiy tarmoq sahifalarida Olmazor tumanidagi 191-sonli umumta’lim maktabida ota-onalardan noqonuniy pul yig‘imlari amalga oshirilayotganligi to‘g‘risida chop etilgan xabarlar yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Yuqoridagi holat boshqarma Ishchi guruhi tomonidan o‘rganildi. Unga ko‘ra, Olmazor tumanidagi 191-sonli umumta’lim maktabi ma’muriyati, «Barkamol avlod» bolalar maktabi hamda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari o‘rtasida pullik to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha uch tomonlama shartnoma tuzilgan. Ota-onalarning talab-istaklaridan kelib chiqqan holda maktabning 2-«G» sinf o‘quvchilari uchun «Mental arifmetika» pullik to‘garak mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilgan. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 apreldagi 343-sonli Qarori asosida ota-onalar maktabning bankdagi hisob raqamiga pul to‘laydilar. Jumladan, 2-«G» sinfda 30 nafar o‘quvchi ta’lim olsa, ulardan 27 o‘quvchi 2023 yil dekabr oyida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda qatnashgan. Ota-onalar tomonidan bank hisob raqamiga jami 1 620 000 so‘m pul ixtiyoriy ravishda to‘langan.
Maktabning qo‘riqlash xizmati uchun ota-onalardan pul yig‘ilmaydi. Nafaqat 191-maktab, balki Olmazor tumanidagi mavjud boshqa maktablar qo‘riqlash xizmatiga ham haq to‘lash to‘liq tuman hokimligi tomonidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, xabarda maktabda har hafta sirkka yoki teatrga deb 50-60 ming so‘mdan pul yig‘ilishi to‘g‘risidagi ma’lumot ham o‘z isbotini topmadi.