Ombdusman so‘zining lug‘aviy ma’nosi qadimgi skandinaviyadan olingan bo‘lib, “umboð” — “vakolat”, “topshiriq” kabi ma’nolarni anglatadi. Ombdusman mansabdor shaxs bo‘lib, mansabdor shaxslar va davlat organlari tomonidan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini nazorat qiladi.
Tarixda birinchi marta parlamentdagi ombudsman lavozimi 1809 yil Shvesiyada ta’sis etilgan. Hozirgi vaqtda dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida mazkur institut o‘z faoliyatini yuritmoqda.
Mamlakatimizda ombudsman instituti O‘zbekiston Respublikasining
1997 yil 24 apreldagi “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonuni bilan tashkil etilgan.
Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2004 yil 27 avgustdagi “Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga asosan yangi tahrirda qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) mansabdor shaxs bo‘lib, unga davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari hamda erkinliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini ta’minlash vakolatlari berilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 maydagi PF-5037-son Farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili instituti ta’sis etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 apreldagi
PQ-4296-son qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari — Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimini joriy etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil
29 apreldagi PF-5987-son Farmoni bilan tasdiqlangan Toshkent davlat yuridik universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da universitet rahbariyati va boshqa vakolatli organlarining talabalar va xodimlar huquqlariga taaluqli barcha qarorlari muhokamasida ishtirok etish orqali universitet rahbariyati va mas’ul shaxslari o‘rtasida vujudga keladigan nizoli vaziyatlarni hal etishga tezkor ravishda ko‘maklashadigan TDYUU ombudsmani institutini (universitet ombudsmani ofisi) joriy etish belgilandi.
Qayd etilganlardan kelib chiqib, universitet ombudsmani haqida quyida batafsil to‘xtalib o‘tamiz.
Universitet ombudsmani 1960 yil Amerika Qo‘shma Shtatlarida, Vyetnam urushi bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni kuchayishi vaqtida tashkil etilgan. Hozirda mazkur lavozim Amerikaning 200 dan ortiq universitetlarida joriy etilgan (Manba: https://mgimo.ru/about/structure/units/ombudsman/).
Shuningdek, bugungi kunda Kanada universitetlarida ham universitet ombudsmani lavozimi ta’sis etilgan. Jumladan, Kanadaning Britaniya-Kolumbiya universitetidagi Talabalar ishlari bo‘yicha ombudsmani universitet talabalar bilan adolatli munosabatni va ta’lim olish, ishlash hamda yashash imkoniyatlarini adolatliligini, teng huquqli va o‘zaro hurmat muhitini ta’minlaydi (manba: students.ubc.ca).
MDH mamlakatlari ichida, 1998 yil 9 iyunda Moskva davlat tashqi aloqalar institutining “Universitet ombudsmani haqida”gi Nizom tasdiqlangan. Nizomga ko‘ra, universitet ombudsmani ta’lim oluvchilar, pedagog, xodimlarning universitet rahbariyati va ma’muriyatning mas’ul shaxslari o‘rtasida yuzaga keluvchi kelishmovchilik va bahsli vaziyatlarni hal etishga ko‘maklashadi. Ombudsman nizolarni hal qilish maqsadida Rektorat va oliygohning boshqa vakolatli organlarining ta’lim oluvchi, o‘qituvchi va xodimlar huquqlariga aloqador barcha qarorlarining muhokamasida ishtirok etadi (Manba: https://mgimo.ru/about/structure/units/ombudsman/).
Bundan tashqari, 2012 yil Butun Rossiya studentlar forumi va Rossiya Federasiyasi fan va ta’lim vazirligining tashabbuslariga ko‘ra Talabalar huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi ta’sis etilgan.
Mazkur talabalar ombudsmani ta’lim oluvchilarning huquqlarini himoya qilish va huquqiy masalalar bilan shug‘ullanish bilan birgalikda talabalar o‘rtasidagm yuzaga keluvchi zidiyatli vaziyatlarni monitoring qiladi. Talabalar ombudsmani Rossiya Federasiyasi fan va ta’lim vazirligiga qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish va huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish jarayonlarida ishtirok etish huquqlariga ega (Manba: cyberleninka.ru).
Shu bilan birga, Talabalar ombudsmani quyidagi faoliyati yo‘nalishlariga ega: oliy ta’lim tadqiqotchilari uchun jamoat transportida yurish uchun imtiyozlar taqdim etish, shuningdek o‘z ichiga ta’lim narxini oshirish; oshxonalardagi ovqat narxi va sifati; stipendiya fondini
oshirish tashabbusi kabi masalalarni tartibga solishga yo‘naltirilgan “Rossiya talabalik dasturi”ni shakllantirish.
Xorij tajribasini hisobga olgan holda, universitet ombudsmani faoliyatini tashkil etish hamda uning vazifa va funksiyalarini belgilash yuzasidan quyidagi takliflar ilgari suriladi:
talaba, o‘qituvchi va boshqa xodimlarning oliygohga taalluqli bo‘lgan murojaatlarini ko‘rib chiqish;
talaba va talaba-yoshlar faoliyati bilan bog‘liq tuzilmalar o‘rtasida yuzaga keluvchi ziddiyatli vaziyatlarda mediyasiya vazifasini bajarish;
ta’lim va universitet faoliyati masalalari bo‘yicha maslahat berish faoliyati;
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, jamiyatning yetakchi sohalaridan biri bo‘lgan oliy ta’lim yo‘nalishida ham mazkur sohada faol ishtirok etuvchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, soha rivojlanishida va ishtirok etuvchilarning aktiv faoliyatlarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega.
D. BAZAROVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti
professori v.b.