Xitoy olimlari ilk bor ildiz hujayralarini ko‘chirib o‘tkazish orqali qandli diabetning birinchi va ikkinchi turini davolashga muvaffaq bo‘ldi.
Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Ushbu yangi muolaja usuli bemorlarning insulin qabul qilishdan butunlay voz kechib, salomatligini tiklashiga yordam berdi. Buning uchun qayta dasturlashtirilgan hujayralardan foydalanildi.
Klinik sinovlar chog‘ida qandli diabetning 1-turidan aziyat chekayotgan 25 yoshli ayolda ildiz hujayralari transplantasiyasi amalga oshirildi.
Operasiyadan bir necha oy o‘tib, bemor organizmi insulin gormonini ishlab chiqarish qobiliyatini bosqichma-bosqich tikladi. Natijada ayol yana sog‘lom hayotga qaytdi.
Ma’lumki, ildiz hujayralari o‘z-o‘zidan ko‘payish, mitoz yordamida bo‘linish va maxsus hujayralar hosil qilish, ya’ni turli a’zo va to‘qimalarga aylana olish xususiyatiga ega.
Zamonaviy tibbiy amaliyotda ulardan onkologik, xususan, leykoz kabi qator kasalliklarni davolashda foydalaniladi. Endi bunday xastaliklar ro‘yxatiga qandli diabet ham qo‘shildi.
Klinik sinovlarning navbatdagi bosqichida kasallikning 2-turiga chalingan 59 yoshli erkak shu usulda davolandi. Ildiz hujayralari ko‘chirib o‘tkazilgan ushbu bemor insulin qabul qilishdan to‘liq voz kechishga erishdi.
Tyanszin shahar markaziy shifoxonasi qoshidagi Transplantasiya markazi bosh shifokori Van Shusenning qayd etishicha, ushbu yangilik dunyoda qandli diabetga chalingan millionlab odamlarni davolashda olamshumul yutuq bo‘lishi mumkin.