Bugun 14 may, 2025 yil, chorshanba

КИР

Odam va Muso alayhissalom

Odam va Muso alayhissalom

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi

Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar:

Odam va Muso alayhissalom Robblari huzurida tortishib qoldilar. Bas, tortishuvda Odam Musodan g‘olib keldi. Muso:

Alloh seni O‘z qo‘li bilan yaratgan, ichingga O‘z ruhidan puflagan, farishtalarini sajda qildirgan, jannatiga joylagan, so‘ng o‘z xatoing ila odamlarni yerga tushirgan Odam senmisan? dedi.

Shunda Odam:

Alloh O‘z payg‘ambarligi va kalomi ila tanlab olgan, ichida har bir narsaning bayoni bor lavhlarni bergan va munojot uchun O‘ziga yaqinlashtirgan Muso senmisan? Alloh Tavrotni mening xalq qilinishimdan qancha oldin yozgan deb bilding? dedi.

Qirq yil , dedi Muso.

Unda Odam Robbiga isyon qildi va adashdi , deganini ko‘rdingmi? dedi Odam.

Ha , dedi Muso.

Sen Alloh taolo meni yaratishidan qirq yil oldin yozib qo‘ygan amalniqilganimni malomat qilasanmi? dedi Odam .

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

Bas, Odam tortishuvda Musodan g‘olib keldi , dedilar .

Beshovlari rivoyat qilganlar.

Sharh: Bu hadisi sharifda eng nozik masalalardan biri bo‘lmish qazoi qadarmasalasining eng nozik joylaridan biri bayon qilinmoqda.

Bu masala Odam Atodan tortib, hatto Muso alayhissalomdek ulkan payg‘ambarda ham savol paydo qilgani haqida so‘z ketmoqda. Bu masala hatto ikki katta payg‘ambar orasida o‘zaro tortishuvga sabab bo‘lganligi haqida bayon qilinmoqda.

Bu hadisni muhaddislarimiz turli yo‘llar va turli matnlar bilan chiqarganlar. Ularning hammalari bir-birini to‘ldirib keladi. O‘sha rivoyatlardan birining matni quyidagicha:

Muso:

Ey Robbim, bizni ham, o‘zini ham jannatdan chiqargan Odamni ko‘rsat , dedi. Bas, Alloh unga otasi Odam alayhissalomni ko‘rsatdi.

Sen otamiz Odammisan? dedi. Ha , dedi.

Alloh ichingga O‘z ruhidan puflagan, ismlarning barchasini o‘rgatgan, farishtalarni sajda qilishga amr qilgan senmisan? dedi.

Ha , dedi.

Seni bizni ham, o‘zingni ham jannatdan chiqarishingga nima majbur qildi? dedi.

Sen kimsan? dedi Odam.

Men Musoman , dedi.

Robbing O‘z payg‘ambarligi ila tanlab olgan senmisan? Alloh hijob ortida turib, sen bilan O‘zi orasida maxluqotlaridan elchi qo‘ymay gaplashgan Banu Isroilning nabiysi senmisan? dedi.

Ha , dedi.

Sen o‘shani men yaratilishimdan oldin Allohning kitobida borligini bilmadingmi? O‘zimdan oldin Allohning qazosi ketgan narsada meni malomat qilasanmi? dedi .

Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

Bas, Odam Musoni tortishuvda yengdi. Bas, Odam Musoni tortishuvda yengdi. Bas, Odam Musoni tortishuvda yengdi , dedilar .

Ochiq-oydin ko‘rinib turibdi, gap birinchi hadisni o‘qib, zohiran qaraganda xayolga keladigan fikr haqida ketayotgani yo‘q. Gap Odam alayhissalomning qilgan xatosi Alloh u kishiga majbur qilganidan sodir bo‘lgani haqida ketmayapti. Odam alayhissalom o‘sha mash’um xatoni qilib, man qilingan daraxt mevasidan yeb qo‘yishimda mening aybim yo‘q, demoqchi ham emaslar. Uni Alloh menga majbur qilib bajartirdi, shuning uchun meni malomat qilma, demoqchi ham emaslar. Gap umuman boshqa narsa haqida ketmoqda.

Avvalo, Odam alayhissalomning o‘z xatosini tan olib, tavba qilgani ma’lum va mashhur. Buni hamma birdek e’tirof qiladi.

Qur’oni Karimda Odam alayhissalomning tavba qilishlari haqidagi oyatlartakror-takror kelgan. Odam alayhissalom mash’um xatoni qilib, man qilingan daraxtning mevasidan yedilar.

Alloh: Nima uchun man qilingan narsani yeding?! deb itob qildi. O‘shanda Odam alayhissalom:

Ey Robbim, O‘zing avvaldan taqdir qilganing uchun yedim. Menda ayb yo‘q , demadi. Balki:

Ey Robbimiz, biz o‘zimizga zulm qildik. Agar O‘zing bizni mag‘firat qilmasang, bizga rahm qilmasang, albatta ziyonkorlardan bo‘lamiz , dedi.

Odam alayhissalomdek zot Alloh taologa bir gapni, Muso alayhissalomga boshqa gapni aytmaydi. O‘zidan sodir bo‘lgan bir xato haqida Allohga Ayb menda , deb turib, Muso alayhissalomga Menda ayb yo‘q , demaydi.

Biz o‘rganayotgan hadisda gap Odam alayhissalomning xatosini tan olmasdan, unga qadarni ro‘kach qilayotgani haqida ketmayotgani shundan. Unday bo‘lsa, gap nima haqida ketmoqda?

Ushbu mavzudagi hadislarni o‘rganib chiqsak, quyidagilar ma’lum bo‘ladi: Muso alayhissalom o‘z davrlarida ko‘p mashaqqatlarni chekdilar. O‘zlaridan boshqa odam farzandlari ham qiyinchilik ichida yashayotganlarini ko‘rdilar. Ayniqsa, Banu Isroilning Fir’avn zulmi ostida azoblar chekayotganiga jonli guvoh bo‘ldilar. Albatta, Bu mashaqqatlar, qiyinchiliklar, azob-uqubatlarning sababi nima? deb o‘ylaganlar. Oxiri borib, Odam jannatdan quvilmaganda, shu narsalar bo‘lmasmidi? degan fikrga ham kelganlar. Hamma baloning boshi Odam Ato sodir etgan birinchi xatoda , degan xayolga borganlar.

Shuning uchun ham Alloh taologa murojaat qilib: Ey Robbim! Menga bizni ham, o‘zini ham jannatdan chiqargan Odamni ko‘rsat , deganlar. So‘ngra Alloh taolo u zotga otalari Odam alayhissalomni ko‘rsatgan va oralarida mazkur tortishuv bo‘lib o‘tgan. Tortishuvni diqqat bilan o‘rgansak, ko‘p narsa ma’lum bo‘ladi.

Muso alayhissalom insoniyatning mashaqqat chekishini Odam alayhissalomga yuklamoqchi bo‘lmoqdalar: Agar sen o‘sha mash’um xatoni qilmaganingda, insoniyat jannatdan chiqmay yuraverar edi, bunchalik qiyinchilik, azob-uqubat va mashaqqatlar bo‘lmas edi , demoqchi bo‘ladilar. Odam alayhissalom esa insoniyatning dunyoga kelishi va mazkur holatda yashashiga o‘z xatolarining aloqasi yo‘qligini isbot qilmoqchi bo‘ladilar.

Alloh taolo Odam alayhissalomning xatosi tufayli bu odamlarni yaratgani yo‘q. Insonlarning bu shaklda yashashini taqdir qilgani yo‘q. Bu narsa oldindan belgilab qo‘yilgan edi. Odam alayhissalom tortishuvda shu dalilni keltirdilar. Muso alayhissalom ham bunga qanoat hosil qildilar. Shu tariqa Odam alayhissalom Muso alayhissalomni yengdilar.

Ushbu hadisdan quyidagi foydalarni olamiz:

1. Odam va Muso alayhissalom oralarida Allohning huzurida tortishuv bo‘lgani.

2. Alloh taolo Odam alayhissalomni O‘z qo‘li bilan yaratgani.

3. Alloh taolo Odam alayhissalomga O‘z ruhidan puflagani.

4. Alloh taolo Odam alayhissalomga farishtalarini sajda qildirgani.

5. Alloh taoloning Odam alayhissalomni jannatga joylashtirgani.

6. So‘ngra odamlarni yerga tushirgani.

7. Alloh taoloning Muso alayhissalomni O‘z payg‘ambarligi va kalomi ila tanlab olgani.

8. Alloh taoloning Muso alayhissalomga har bir narsaning bayoni yozilgan lavhalar bergani.

9. Alloh taoloning Muso alayhissalomni O‘ziga yaqinlashtirib, munojot qilgani.

10. Alloh taolo Tavrotni Odam alayhissalomning yaratilishidan qirq yil oldin yozganligi.

11. Tavrotda: Odam Robbiga isyon qildi va adashdi degan yozuv borligi.

12. Insonni uning daxli yo‘q narsada malomat qilib bo‘lmasligi.

13. Tortishuv paytida bir-birining yaxshi fazilatlarini eslatish ma’qulligi.

14. Odam alayhissalom Muso alayhissalom bilan bo‘lgan tortishuvda yutib chiqqanligi.

Ushbu hadisi sharifni o‘rganish davomida ko‘pgina hikmatlardan xabardor bo‘ldik. Jumladan, bir mavzu bo‘yicha birgina hadisning zohiriga, sirtiga qarab hukm chiqarish xatarli ekanini yaxshi tushunib oldik.

Biz o‘rgangan ushbu hadisning sirtidan hukm chiqargan ko‘pchilik nobakorlar qadimdan: Odam qadarni ro‘kach qilib ko‘rsatib, Musoni yengdi, biz ham gunohimizni ixtiyorimiz bilan qilayotganimiz yo‘q, Alloh taqdirimizga yozgan ekan, qanday qilamiz , degan bahona qilib kelgan ekanlar. Aslida esa Odam alayhissalom o‘zida butun insoniyatning baxtsizligi uchun javobgarlikni inkor etgan, bu narsa Allohning azaldan belgilab qo‘ygan ilmi asosida bo‘layotganini aytgan ekanlar. Ammo birinchi xatoga yo‘l qo‘ygan chog‘laridayoq, e’tirof etib, tavba qilganlar. Alloh taolo u zotning tavbalarini qabul etgan.

Demak, deydi avvalgi ulamolarimiz, inson o‘z kasbiga javobgar, u Allohning amri bilan bo‘lgan va o‘zining daxli yo‘q narsa uchun malomat qilinmaydi. Olamning mavjudligiga va unda odamlarning tarqalganiga Odam alayhissalomning xatolari sabab ham emas, odamlarning mashaqqatlariga u zot javobgar ham emas .

Hadis va hayot kitobidan,

Azon.uz

Kiritildi: 14:12 09.01.2019. O'qildi: 24056 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!