Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

O'zLiDeP vakillari ikkinchi marta Rossiyada tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik fuqarolar bilan uchrashdi (+video, foto)

O'zLiDeP vakillari ikkinchi marta Rossiyada tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik fuqarolar bilan uchrashdi (+video, foto)

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi vakillari Rossiya Federasiyasi poytaxti Moskva shahrida bo‘lib qaytdi. Bu yerda ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar va vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarimiz bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda Harakatlar strategiyasi asosida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, Saylov Kodeksi hamda O’zLiDePning saylovoldi dasturi xususida hamyurtlarimizga alohida ma’lumotlarni taqdim etishdi. Bundan tashqari, Moskvada mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz muammolari o‘rganilib, davlatimiz rahbarining 2019 yil 20 avgustdagi “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mohiyati ham ularga keng tushuntirildi.

31 oktyabr kuni ana shunday uchrashuv Rossiya Xalqlar Do‘stligi Universitetida bo‘lib o‘tdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mazkur oliy dargohida respublikamizning barcha viloyatlaridan talabalar turli yo‘nalishlar bo‘yicha bilim olishayapti.

Video:

Aytish kerakki, Xalqlar Do‘stligi Universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba yoshlarning siyosiy partiya faollari va senatorlar bilan uchrashuvi bejizga tashkil etilmadi. Sababi, mazkur dargoh Rossiyaning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Unda jahonning 157 davlatidan hozirgi vaqtda 32 mingdan ortiq talabalar bilim olayotgan bo‘lsa, shundan ming nafarga yaqinini o‘zbekistonlik yigit qizlar tashkil etadi. Uchrashuvda yoshlar O‘zbekistonda keyingi uch yil ichida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar borasida ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Tashrif buyurgan mehmonlar o‘z navbatida bu yerdagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishidilar.

Baxtiyor  Zaripov ham Rossiya Xalqlar Do‘stligi Universitetida bilim olayotgan yoshlardan biri. U asli Buxorodan. Hozirda yer kadasteri sohasini chuqur o‘rganmoqda. O‘qishni tugatgach, O‘zbekistonga qaytib, o‘z kasbi bo‘yicha ishlash va shu tarmoqni yanada rivojlantirish yo‘lida o‘z hissasini qo‘shish niyatida.

-Men ham Rossiyadagi Xalqlar Do‘stligi Universitetida o‘qiyman. Buxoro shahrida tug‘ilganman. Kelgusida yer kadastri sohasi bo‘yicha mutaxassis bo‘lib yetishmoqchiman. Rossiyada bu borada yetarli tajriba bo‘lganligi bois, aynan shu oliy dargohini tanladim, - deydi Baxtiyor Zaripov biz bilan suhbati chog‘ida. O‘qishni yakunlab, albatta O‘zbekistonga, ya’ni Buxoroga qaytish niyatidaman. Mutaxassisligim bo‘yicha ishlab, shu tarmoq rivojiga o‘z hissamni qo‘shishni ko‘nglimga tugib qo‘yganman. Bugungi uchrashuv menga yoqdi. Tadbirda partiya vakillari, senatorlar bizga O‘zbekistondagi barcha yangiliklar haqida batafsil gapirib berishdi. Haqiqatdan ham respublikamizda keyingi uch yil ichida juda ko‘p o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Men har yili yozga ta’tilga Buxoroga borganimda buni sezayapman.O’zLiDePning saylovoldi dasturi ham yaxshi tuzilgan ekan. Asosiy e’tibor yoshlar muammolariga qaratilgan. Bu menga ma’qul keldi. Men albatta 22 dekabr kuni O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasida ochiladigan saylov uchastkasiga borib, o‘z fuqarolik burchimni bajaraman va munosib nomzod uchun o‘z ovozimni beraman.

Jahongirning ham orzulari talaygina. U kelajakda psixolog bo‘lmoqchi. Hozir Rossiya Xalqlar Do‘stligi Universitetida 3-bosqich talabasi. Uchrashuvda u ham so‘z olib, to‘planganlar e’tiborini o‘z loyihasiga qaratdi.

- Men asli vodiydanman. Hozirda Rossiyadagi eng nufuzli Universitetlarning birida, ya’ni Rossiya Xalqlar Do‘stligi oliy dargohida tahsil olayapman. Kelgusida yetuk psixolog bo‘lmoqchiman va albatta yurtimga qaytib, o‘z soham bo‘yicha ishlashni rejalashtirayapman, - deya cuhbatimizga kelib qo‘shildi Jahongir Hayitov. Universitetimizda talabalar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu uchrashuvdan shunday xulosaga keldimki, yurtimizda juda ko‘p o‘zgarishlar,  yoshlar uchun keng imkoniyatlar, yangi ish o‘rinlari barpo etilayotganlini kuzatib xursand bo‘lyapman. Men 22 dekabr kuni albatta o‘z fuqarolik burchimni bajargan xolda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasiga borib, saylovda qatnashib, munosib nomzodga ovoz beraman.

Buxorodan Rossiyaga targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish uchun borgan O’zLiDeP faollari orasida tadbirkorlar ham bor. Uchrashuvda Xalimjon Safarov yoshlarga bugungi kunda O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar barobarida, tadbirkorlarga o‘z biznesini amalga oshirish uchun yaratilayotgan qulayliklarga to‘xtaldi.

O‘zbekistonlik yoshlar o‘rtasida so‘zga chiqqan Oliy Majlis Senati a’zosi, “O‘zbekiston Qahramoni” Azim Latipov mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi, qishloq xo‘jaligi tizimida ham olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z samarasini berayotganligini alohida ta’kidladi. Yoshlarni oliy dargohni tugatib, yurtga qaytishlarini, o‘z sohalari bo‘yicha mehnat qilish uchun respublikamizda barcha imkoniyatlar yaratilayotgani aytib o‘tdi.

“Buxoro” Halqaro aeraporti direktori, Oliy Majlis Senati a’zosi Tohir Baxronovning chiqishi asosan O’zLiDePning saylovoldi dasturi mazmun-mohiyatiga  yo‘naltirildi. Rossiya Xalqlar Do‘stligi Universitetida bo‘lib o‘tgan uchrashuv savol javoblar boy tarzda o‘tdi.

Tabiiyki, siyosiy partiyalarning mamlakat tashqarisida  bo‘lgan O‘zbekiston Respulikasi fuqarolari  o‘rtasida mana shunday targ‘ibot tadbirlarining o‘tkazilishi bo‘lajak saylovlarda ko‘pchilik deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritishda xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning sentyabr oyi boshlarida O‘zLiDeP delegasiyasi Rossiya Federasiyasida bo‘lib qaytdi. Tashrif doirasida mamlakatimizning ushbu davlatdagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston tarixida ilk bor mamlakatimiz siyosiy partiyalaridan birining Rossiyada faoliyat yuritayotgan mehnat migrantlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi.

Bundan tashqari partiya vakillari Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligining Rossiya Federasiyasidagi vakilligida ham bo‘lib, uning rahbari S.Mansurov hamda u yerda faoliyat yuritayotgan vakillarimiz tomonidan yurtdoshlarimizga ko‘rsatilayotgan yordam, bu borada mavjud muammolar to‘g‘risida ham ishchi uchrashuvlar o‘tkazishdi, murojaat bilan kelgan mehnat migrantlari muammolarini o‘rganishgan edi. 

Kiritildi: 17:02 04.11.2019. O'qildi: 2129 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!