Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida ishtirok etgan Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin Xoliqnazarov bugungi sinovli kunlarda ehtiyojmand oilalarga yordam qo‘lini cho‘zayotgan saxovatpesha odamlar haqida so‘z yuritib, ushbu amallari uchun ular qanday savob olishi haqida to‘xtalib o‘tdi.
“Qur’oni Karimning “Baqara” surasi 261-oyatida Alloh taolo shunday deydi: “Mollarini Allohning yo‘lida sarflaydiganlarning misoli, xuddi bir dona donga o‘xshaydi. Undan yetti boshoq o‘sib chiqadi, har boshoqda yuztadan don bor. Va Alloh kimga xohlasa, yana ko‘paytirib beradir. Va Alloh qamrab oluvchi va biluvchi zotdir”. Bu yerda qilingan bir yaxshilik yetti yuz barobar bo‘lib qaytishiga ishora qilinyapti.
Alloh buni bizga misol keltirib aytyaptiki, agar sizlar mening yo‘limda, ya’ni Alloh yo‘lida bir so‘m sarflasangiz, men buni yetti yuz marotaba qilib sizlarga qaytaraman deyapti. Bu va’dani Alloh beryapti. Qanday qilib mo‘min-musulmon bo‘la turib, Allohning va’dasini inkor qilish mumkin?!», deydi Nuriddin Xoliqnazarov saxiy kishilar haqida to‘xtalib.
Toshkent shahar bosh imom-xatibining aytishicha, kambag‘al-miskinlarga yordam qilib, uning savobini ota-onasining haqqiga bag‘ishlash eng ulug‘ amallardan biri hisoblanadi.
“Bir tadbirkor birodarimiz mendan so‘rab qoldi. Bir ajib gap aytdi-da, ko‘pchilikda bu narsa bor. Bu dunyo bir kam dunyo ekan, qachon puli ko‘payib, ishi yurishib hamma yog‘i yaxshi bo‘lganda afsuski ota-ona olamdan o‘tib qoladi. Ko‘pchilikda shu armon bor. “Domla, davlatim ko‘paydi, orzu qilgan hamma narsam bor, lekin afsuski onam yo‘qlar. Hozir hayot bo‘lganlarida jonim fido edi. Ularga yaxshilik qilish uchun nima qilsam bo‘ladi?”, deb ko‘p so‘rashadi. Ana o‘shalarga payg‘ambarimiz bergan javobni aytaman.
“Bir sahoba kelib, yig‘lab turib aytdiki: “YO, rasululloh sollallohu alayhi vasallam, men onamni shunaqa yaxshi ko‘ramanki, xizmatlarini qilishdan rohatlanardim, lekin olamdan o‘tib qoldilar. Nima qilsam yana xizmatlarini qilgan bo‘laman?”, deganlarida: “Onang nomidan bitta quduq qazitgin, o‘sha quduqning suvidan hamma foydalanadigan qilib qo‘yginki, savobi onangga yozilaveradi. Shu yo‘l bilan onangga xizmat qilgan bo‘lasan”, degan ekanlar. Imom Buxoriyda keladi bu hadis. Sahih hadislardan biri. Oisha onamiz rivoyat qilganlar. Sahoba quduq qazdirdi va uni insonlarga hadya qildi.
Bugun tadbirkorlarimiz bitta yo o‘nta kambag‘alning oilasini boqsinlar, yigirmata oilaning ta’minotini qilsinlar. Alloh yo‘lida ehson qilib, uyga kirib qo‘lingizni duoga ochib so‘rang: “Men bugungi qilgan amallarimning savobini marhuma onamning yoki otamning daftariga yozib qo‘y!” deydigan bo‘lsangiz, qiyomatda, ya’ni eng dahshatli kunda o‘zining yuzlab kambag‘allarga qilgan savobini ko‘rgandagi holatini bir tasavvur qiling», deydi bosh xatib.
Nuriddin Xoliqnazarov, shuningdek, isrofgarchilik haqida ham to‘xtalib, musulmonlarni isrof qilishdan, karantin sharoitida ommaviy iftorlik marosimlarini tashkillashtirishdan qaytardi. Bunday marosimlarga ketadigan pulni muhtojlarga ehson qilishga da’vat qildi.
«Xalqimiz boshidan urushlarni, ocharchiliklarni o‘tkazgan. Lekin hech qachon qo‘shnisini tashlab qo‘ygan xalq emas. Hatto boshqa millat bo‘lsa ham. Bugun esa biz bitta millatmiz. Bitta kemada ketayotgan odamlarmiz. Agar bugungi sinovli kunlarda davlatimizga, xalqimizga yelkadosh bo‘lmasak, bugun musulmon farzandi degan nomimizni oqlamagan bo‘lamiz.
Hammaga iltimos qilyapmiz. Keling, bu yil ommaviy iftorlik marosimlarini qilmaylik, uning pulini ehson qilaylik. Men badavlat insonlardan iltimos qilaman. Agar o‘tgan, undan oldingi yillardagi iftorlik va boshqa marosimlarni ko‘z oldimizga keltirsak, bugun uyalamiz. Qancha isrof bo‘lgan, qancha dabdaba bo‘lgan. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning bitta go‘zal hadislari bor. “Dunyodagi eng yomon dasturxon bu qorni to‘qlar uchun yozilib, qorni ochlar chaqirilmaydigan dasturxondir”, deganlar sarvari koinot. Aksar dasturxonlarimizda doim qorni to‘qlar bo‘ldi, Shuning uchun bugun biz o‘sha xatolarimizni to‘g‘rilab, Allohning bergan ne’matiga shukr qilishimiz joiz. Ehson qilish uchun tadbirkor yoki boy-badavlat bo‘lish shartmas aslida. Payg‘ambarimiz yarimta xurmo bilan bo‘lsa-da, ehson qiling deganlar. Bugun nima qo‘limizdan kelsa, shuni ehson qilsak, inshoolloh, bizga tushirib qo‘yilgan daraxtning shoxini ushlab, jannat tomon intilgan bo‘lamiz. Alloh bu kunlarni bizdan bartaraf qilsin», deya qo‘shimcha qildi u.
Manba: azon.uz