2023 yilning noyabr oyida O‘zbekistonda inflyasiya 1,13 foizni tashkil etdi. Bu haqda prezident huzuridagi Statistika agentligi hisobotida aytiladi, deya yozmoqda Gazeta.uz.
Bu noyabr oyida qayd etilgan kamida so‘nggi 7 yildagi minimal ko‘rsatkich hisoblanadi (2022 yil noyabrda — 1,34 foiz, 2021 yil — 1,22 foiz, 2020 yil — 1,53 foiz, 2019 yil — 1,73 foiz).
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir oyda oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 1,3 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari esa 0,7 foizga (har ikki ko‘rsatkich ham oxirgi besh yildagi eng past ko‘rsatkich), xizmatlar esa 1,5 foizga qimmatlagan (2022 yildagi kabi).
Yil boshidan buyon (yanvar-noyabr) inflyasiya 7,43 foizgacha pasaydi (besh yil ichidagi minimum). Yillik inflyasiya (o‘tgan yilning noyabr oyidan) 8,76 foizga tushdi — bu 2016 yil avgustidan beri eng past ko‘rsatkich (8,6 foiz). Yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 10,1 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 7,5 foizga, xizmatlar 8,3 foizga qimmatladi.
Alohida mahsulotlar kesimida noyabr oyida tuxum narxi 2,9 foizga (oktyabrda +10,5 foiz edi), shakar 2 foizga, sut 0,2 foizga oshishda davom etdi.
Guruch va guruch oqshog‘i 0,6 foizga, bug‘doy uni 0,8 foizga, mol go‘shti 0,2 foizga, kungaboqar yog‘i 0,5 foizga arzonladi.
Sabzavot va mevalar orasida noyabr oyida oktyabrga nisbatan eng ko‘p bodring (81,8 foizga), pomidor (69,7 foizga), anor (63,3 foizga), tarvuz (35 foizga), baqlajon (30,8 foizga), bulg‘or qalampiri (27,5 foizga), banan (1,8 foizga) qimmatlagan.
Kartoshka 3 foizga, piyoz 7,1 foizga, limon 12,8 foizga, karam 19,8 foizga, sabzi 25,7 foizga arzonlagan.
Spirtli ichimliklar narxi oy davomida 0,5 foizga (yil davomida 9,6 foizga), tamaki mahsulotlariniki esa 1 foizga (11,9 foizga) oshdi.
Noyabr oyida mahalliy hokimiyat organlari qarori bilan Samarqand, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida sovuq suv ta’minoti va kanalizasiya xizmatlari uchun tariflar oshirilishi tasdiqlangandi. Aholining sovuq suv ta’minoti va kanalizasiyaga umumiy iste’mol xarajatlari tarkibida ushbu hududlarning ulushini hisobga olgan holda respublika bo‘yicha o‘rtacha oylik ko‘rsatkich 12,1 foizni tashkil etdi.
Elektr ta’minoti xizmatlariga tabaqalashtirilgan tariflarning joriy etilishi ushbu xizmat turi bo‘yicha inflyasiya darajasiga ta’sir ko‘rsatdi. 1000 kVtgacha bo‘lgan abonentlar uchun tariflar saqlanib qolgani fonida bundan ko‘proq iste’mol qiladigan abonentlar uchun oshirilgan tariflar joriy etildi. Hisoblashda har bir iste’mol toifasidagi abonentlar ulushi hisobga olindi va shuning uchun elektr energiyasi narxining o‘sishi o‘rtacha 2,2 foizni tashkil etdi.
Benzin narxi noyabr oyida 5 foizga oshib, o‘sishda davom etdi (oktyabrda — 4,1 foiz, sentyabrda — 2,3 foiz, avgustda — 4,2 foiz, iyulda — 2 foiz), narxlar o‘sishi yil boshidan buyon 15,3 foizni tashkil etdi. Propan narxi oy davomida 7,7 foizga, yil boshidan beri esa 23,1 foizga oshgan. O‘tgan oyda metan narxi o‘zgarmagan, ammo yanvar oyidan beri narx 22,3 foizga oshgan.
Oy davomida taksi xizmatlari 2,1 foizga (11,3 foiz), temir yo‘l transporti — 27,9 foizga (31,4 foiz), havo transporti — 1,5 foizga (17,9 foiz) qimmatladi.
Buning fonida yuk tashish xizmatlari narxlari ham oshgan — 3,5 foiz.
Noyabr oyida mamlakatning deyarli barcha hududlaridagi kafelardagi tayyor taomlar 1,3−6,3 foiz oralig‘ida, oshxonalardagi taomlar 1,2−5,9 foiz oralig‘ida, tez pishar taomlar tayyorlanadigan oshxonalardagi taomlar 0,6−4,6 foiz oralig‘ida qimmatladi.