Bilasizmi? Yaxshi sayohat inson dunoqarashini yuksaltirishi bilan birga uning turli xil madaniyat va qadriyatlarga oid bilmlarini oshirishga xizmat qiladi. So‘nggi vaqtlarda davlatlararo o‘zaro madaniy, diplomatik aloqalarning o‘rnatilishi sayohasevar hamyurtlarimizga bir qator qulayliklar yaratdi. Xususan “stat.uz” sayti bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilning yanvar-sentyabr oylarida jami 4,5 mln nafar o‘zbekistonliklar turistik maqsadlarda chet elga sayohat qilishdi.
Farz qilaylik, siz o‘z uyingizdan uzoqlashib, yangi tajribalar, bir biridan go‘zal manzil va madaniyatlar kashf qilishni orzu qilyapsiz. Biroq, sayohat qilishda narxlar va xarajatlar haqida o‘ylash odatdagi xavotirlarimizdan biridir. Yaxshi yangilik shundaki, ba’zi joylarga sayohat qilish narxlari siz o‘ylagandan ancha arzon bo‘lishi mumkin. Shu bois yurtdoshlarimiz qaysi mamlakatlarga sayohat qilishlarini aniqlash maqsadida “Hayotingizdagi unutilmas sayohatni tasavvur qilganingizda, qayerga borishni xohlar edingiz?” degan savol bilan kichik “voks-pop” o‘tkazdik. Yurtdoshlarimiz o‘zlari uchun sayohat qilish mumkin bo‘lgan qulay va arzon mamlakatlar sifatida asosan uch mamlakat —Gruziya, Turkiya hamda Ozarbayjonni tanlashdi. Ishtirokchilarning 30 foizi sayohat uchun Gruziyaga tashrif buyurish istagini bildirishdi. U yerning qulay narxlari-yu, so‘lim tabiati va qisqa masofada joylashganligi bois Gruziya o‘zbekistonlik turistlar uchun jozibali sayohat manziliga aylandi.
Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida ayni shu mamlakatga sayohat qilgan va borishni rejalashtirayotgan insonlarni ko‘p uchratish mumkin. Gruziyaga sayohat qilish uchun o‘zbekistonliklarning qiziqishi ortayotganining sabablaridan biri, avvalo, qulay narxlarda ekanligidir. U mamlakatning narxlari O‘zbekistondan ko‘p ham farq qilmaydi. Keling, buni bir misol orqali ko‘rib chiqaylik. Siz Toshkentdan Samarqandga 1 haftaga dam olgani borsangiz mehmonxonaga joylashasiz, biror-bir kafega kirib kofe ichasiz, ovqat yeysiz, shunday qilib 1 hafta davomida shu tarzda yashaysiz. Aytaylik, shu muddat ichida 350 dollar yoki 400 dollar pul sarfladingiz. Xuddi shu narxga Gruziyada ham 1 hafta yashash mumkin, farqi shuki, siz sayohatga chiqqan bo‘lasiz. U yerda sayohatingizni davom ettirganingizda nafaqat dam olish, balki yangi tajribalar va unutilmas taassurotlar olish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.
Borishingiz kerak bo‘lgan Gruziyadagi top 5 ta lokasiya
1. Gruziyaning poytaxti va eng katta shahri bo‘lgan Tbilisi o‘zining boy tarixi, qadimiy ko‘chalari va zamonaviy dizayni bilan ajralib turadi. Tbilisi ko‘chalari bo‘ylab sayr qilganingizda, sizni o‘zgacha atmosfera kutmoqda. Narikala qal’asi, Tbilisi termal hammomlari va Tbilisi ko‘prigi kabi mashhur joylar, albatta, ko‘rishga arziydigan yodgorliklardan biridir. Shahar o‘zining go‘zal manzaralari, chiroyli ko‘chalari va mehmondo‘st odamlari bilan sizni kutib oladi.
2. Tbilisidan atigi 20 km uzoqlikda joylashgan Msxeta, Gruziyaning qadimiy poytaxti bo‘lib, YUNESKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. U yerda o‘zingizni tarixning bir qismida his qilasiz. Svetitsxoveli sobori va Jvari monastiri kabi diniy yodgorliklar, nafaqat arxitekturasi, balki diniy ahamiyati bilan ham muhim joy hisoblanadi. Msxeta o‘zining toza havosi, tarixiy ruhi va shahar atrofidagi go‘zal tog‘ manzaralari bilan har bir sayyohni o‘ziga rom qiladi.
3. Kazbegi - bu nafaqat tabiiy go‘zalliklari, balki ruhiyatni zabt etuvchi manzaralari bilan ajralib turadi. Kazbegi tog‘ining tepasida joylashgan Gergeti Triniti cherkovi, qishloqni aylanib chiqqan tog‘lar va ajabtovur havo manzaralari, sayohatchilarni o‘zining sirli sehriga tortadi. Bu joyning tabiati, toza havosi va jimjitlikda dam olish imkoniyati sizni butunlay o‘zgartiradi. Kazbegiga sayohat qilish, sizni Gruziyaning tabiiy go‘zalligini chuqurroq anglashga olib keladi. 4. Batumi, Qora dengiz bo‘yida joylashgan va Gruziyaning eng mashhur sayyohlik manzillaridan biridir. Plyajlar, botanik bog‘lar, tarixiy arxitektura va zamonaviy inshootlar - bularning barchasi Batumining go‘zalligini tashkil etadi. Shaharda dengiz bo‘yida sayr qilish, toza havodan nafas olish va plyajda dam olish mumkin. Shuningdek, Batumidagi ajoyib parklar, musiqiy fontanlar va tarixiy inshootlar sayohatingizga yanada rang-baranglik kiritadi.
5. Gruziyaning yashirin xazinasi hisoblanmish Borjomi, tabiiy go‘zalligi, shifobaxsh buloqlari va qadimiy tarixiy yodgorliklari bilan sayyohlarni o‘ziga o‘zgacha tarzda jalb qiladi. Agar siz toza havo, jozibali manzaralar va ruhni tetiklashtiruvchi dam olishni istayotgan bo‘lsangiz, Borjomi aynan sizga mos keladi. Tabiatning nozik go‘zalliklari, mineral suvlarining sog‘lomlashtiruvchi ta’siri va o‘ziga xos shahar atmosferasi sizni butunlay o‘ziga rom etadi. U o‘zining tabiiy termal buloqlari, yengil tog‘ shamollari va qalbni xotirjamlashtiruvchi manzaralari bilan sizga unutilmas bir tajriba taqdim etadi. U yerda joylashgan Borjomi-Kharagauli milliy parkida sizni ulkan o‘rmonlar, betakror tog‘lar va toza havodan boshqa hech qanday stress kutmaydi. Sayr qilish uchun eng yaxshi joylar, tabiati bilan dilni quvontiradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi gastronomik almashinuv, sayyohlar uchun haqiqatan ham ajoyib imkoniyatdir, chunki bu ikki mamlakatning taomlari nafaqat boy madaniyat va tarixdan, balki o‘ziga xos, unutilmas ta’m va xushbo‘ylikdan ilhomlangan. Gruziya oshxonasining eng mashhur taomlaridan biri xachapuri bo‘lib, bu pishiriq mahsuloti o‘zining iliq, yumshoq xamiriga to‘ldirilgan pishloq va tuxum bilan, har bir tishlamida o‘ziga xos, jozibali ta’mni taqdim etadi. Xinkali - go‘sht, sabzavot va ziravorlar bilan to‘ldirilgan, nozik tuzilishga ega xamir taomi bo‘lib, har bir lazzatning uygunligi bilan, har bir nonushta yoki tushlikni unutilmas qiladi. Lobio esa, mazali va yog‘li dukkakli taom bo‘lib, turli xil ziravorlar va yangi o‘simliklar qo‘shilishi bilan, o‘ziga xos va juda boy ta’mni taqdim etadi. Xarchoning o‘ziga xos ta’mi, achchiq mazasi bilan uzoq vaqt xotirangizda qoladi. Bu taom sovuq qish kunlarida, do‘stlar va oilangiz bilan birga o‘tkazilgan xushmuomala va iliq uchrashuvlarda, o‘zining iliqligi va ta’mi bilan qalbni xushnud etadi.
O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi madaniy almashinuv, faqatgina tarixiy obidalar va gastronomik almashinuv bilan cheklanmaydi, balki ikki mamlakatning xalq san’ati, musiqa, raqslar va adabiyotiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Ikkala mamlakatda o‘ziga xos festivallar va madaniy tadbirlar o‘tkazish sayyohlar uchun noyob tajriba yaratadi. Masalan, O‘zbekistondagi “Navro‘z” festivali, Gruziyada esa “Tbilisi Jazz Festival” kabi tadbirlar xalqning an’analari va madaniyatini ko‘rsatadi. Bu festivallar va tadbirlar, sayyohlarni nafaqat turizm nuqtai nazaridan, balki madaniy merosni o‘rganish va xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni rivojlantirish uchun ham katta imkoniyat yaratadi.
Bu ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hurmatga asoslangan munosabatlar nafaqat tarixiy ildizlarga, balki zamonaviy davrda ham o‘zaro aloqalarni kuchaytirishga xizmat qiladi. Bu aloqalar, har ikki xalqning madaniyati, an’analari va urf-odatlari o‘rtasida o‘zaro aloqalarni mustahkamlab kelmoqda. Bugungi globallashuv davrida esa, o‘zbek va gruzin xalqlari o‘rtasidagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda do‘stona aloqalar yanada rivojlanmoqda. Gruziya davlatining sayyohlar uchun qulay viza rejimi va o‘zbek tilini tushunadigan insonlarning mavjudligi ham o‘zbekistonlik sayohatchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi. Ko‘plab mehmonxonalar va restoranlarda o‘zbek tilida so‘zlashadigan xodimlar mavjud bo‘lib, bu sayohatchilarga o‘zlarini qulay his qilish imkonini beradi.
Shuningdek, O‘zbekistonda olib boriladigan turizm turlariga tarixiy va madaniy obidalar bo‘yicha sayohatlar, tabiiy landshaftlarni kashf etish, madaniy tadbirlar va festivallarni ko‘rish kiritilgan. Gruziyada esa tabiiy go‘zalliklar, tog‘li hududlar va tarixiy joylar bo‘yicha sayohatlar, shuningdek, dengiz bo‘yidagi dam olish turlari mavjud. Bu ikki davlatning tarixiy, madaniy va gastronomik boyliklari sayyohlar uchun qiziqarli va rang-barang tajribalar yaratadi. Shuningdek, madaniy almashinuv va o‘zaro do‘stlikni rivojlantirish ikki xalq o‘rtasidagi yaqinlashishni kuchaytiradi va xalqaro turizmni yangi darajaga olib chiqadi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
Xalqaro jurnalistika fakultetining
“Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqlar” yo‘nalishining
4-bosqich talabasi Ziyodullayeva Xumora Ilhom qizi