Nigeriya janubidagi Niger deltasida neft quvuridan xomashyo o‘g‘irlashga urinish chog‘ida zaharli bug‘dan kamida 37 kishi halok bo‘ldi.
Bu haqda Agence France-Presse (AFP) mahalliy nodavlat tashkiloti ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea payshanba kuni erta tongda Rivers shtatidagi Okrika okrugiga qarashli aholi punkti yaqinida sodir bo‘lgan.
Kontrabandachilar guruhi quvurni teshib, keyinchalik noqonuniy sotish maqsadida xom neftni tortib olish uchun unga maxsus quvurlar ulagan.
Nodavlat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning jasadlari daryodan topilgan. Ayni paytda yana ko‘plab odamlar bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda.
Xom neft Indorama Eleme Petrochemical kompaniyasiga tegishli bo‘lib, kompaniya Port-Xarkort neftni qayta ishlash zavodidan olinadigan mahsulotni xorijga eksport qiladi.
Qayd etilishicha, Nigeriyaning asosiy neft qazib olish ob’ektlari joylashgan janubiy hududlarida quvurlardan neft o‘g‘irlash holatlari tez-tez uchrab turadi.