Braziliya terma jamoasi tibbiyot shtabi hujumchi Neymarning jarohat olganini rasman tasdiqladi. Bu haqda UOL xabar bermoqda. Shifokor Rodrigo Lasmarning ma’lum qilishicha, futbolchida boldir mushagining ikkinchi darajali jarohati aniqlangan.
Neymarning tiklanishi uchun 2 dan 3 haftagacha vaqt kerak bo‘ladi. Shu tariqa, Neymar Panama va Misrga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarini – Jahon chempionati oldidan terma jamoaning so‘nggi nazorat uchrashuvlarini o‘tkazib yuborishi aniq. Joriy prognozlarga ko‘ra, 34 yoshli futbolchining Braziliya terma jamoasining JCH-2026 doirasida 13 iyun kuni Marokashga qarshi o‘tadigan ilk o‘yinida ishtirok etishi ham so‘roq ostida qolmoqda.
Ma’lumot uchun, Neymar joriy mavsumda Braziliya chempionatida 8 ta o‘yinda maydonga tushib, 4 ta gol urgan va 2 ta golli uzatmani amalga oshirgan.