Bugungi kunda kitob rastalarini xilma-xil diniy kitoblar egallab bormoqda. Ularga nisbatan talab ham yuqori. Lekin, diniy risolalar boshqa adabiyotlarga nisbatan ikki barobar qimmat.
Odamlar orasida diniy risolalarning qimmatlashuviga diniy qo‘mitaning nazoratdan o‘tkazib berishi, galogramma narxlari borligini ro‘kach qilishi odat tusiga kirgan, ammo bu qanchalik rost? Bunga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita nima deydi? Qo‘mita tomonidan kitoblarga beriladigan galogrammaning qiymati kitob narxiga qanchalik ta’sir qiladi?
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakilining ma’lum qilishicha, diniy kitoblarning qalbaki emasligini tasdiqlovchi galogramma 97 so‘m turadi. Avvalgi narx 149 so‘m bo‘lgan. Ammo kitoblarning tan narxi qimmatlashib ketmasligi uchun u 97 so‘m etib belgilangan. Demak, kitoblar narxining qimmatlashuvida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ta’siri yo‘q darajada.
O‘rganishlar davomida Chorsu bozori atrofidagi do‘konlarda sotilayotgan diniy kitoblarning o‘rtacha narxlariga qiziqdek. “Qur’oniy va eng zaruriy duolar” hamda “Keling, Qur’on yodlaymiz” kitoblari 50 000 so‘mdan, “Ikki olam sarvari” kitobi 38 000 so‘m, “Payg‘ambarlar tarixi” 1-4-kitoblar 90 000 so‘m, “Ismi A’zam” kitobi 45 000 so‘m, “Qur’oni Karim mashhur suralari fazilati” kitobi 75 000 so‘m va undan yuqori narxlarda savdoga qo‘yilgan.
uza.uz sayti muxbiri diniy risolalarning qimmatlashuviga ta’sir etuvchi boshqa omillarni ham o‘rganmoqda. Bu haqda keyingi maqolamizda ma’lum qilamiz.
Manba: uza.uz