Bugun 19 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Navoiyda ichki ishlar tergovchisi nohaq aybdorga aylandi

Navoiyda ichki ishlar tergovchisi nohaq aybdorga aylandi

Bu dunyoda shunday odamlar ham bor: pul, boylik deb o‘ziga o‘zi tashvish orttiradi. Ba’zan bu tashvish ildiz otib, mutlaqo aybsiz odamning tinch, osoyishta kechayotgan turmushini alg‘ov-dalg‘ov qilishi, kutilmaganda hayotini mutlaqo boshqa o‘zanga burib yuborishi ham mumkin.

Qiziltepa tuman ichki ishlar bo‘limi tergovchisi Orifjon Sultonov xuddi shunday holatni boshidan o‘t­kazdi. U yuz bermagan jinoiy hodisa tufayli aybsiz aybdorga aylandi, uch yarim yil deganda, haqiqat qaror topdi, oqlandi.

Voqea tafsilotiga to‘xtaladigan bo‘lsak, gap G‘ijduvon tumani davlat soliq inspek­siya­sidan soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan «Zolotoy saturn» mas’uliyati chek­langan jamiyati rahbari G‘. Farmon­qulovga (ism-shariflar o‘zgartirilgan) borib taqaladi.

G‘. Farmonqulov 2014 yilning bahorida Mamatalim ism­li shaxsdan «Neksiya» rusumli av­tomashina sotib oladi. O‘sha yilning iyul-dekabr oylarida yo‘lovchi tashishga lisenziya olib, aho­liga taksi xizmati ko‘rsatadi. 2015 yilning aprel oyi­da Sadriddin ism­li kishiga pulini bo‘lib-bo‘­lib to‘lash sharti bilan avtomashinani 19 million 500 ming so‘mga sotadi.

Ammo oradan uch kun o‘tib, Sadriddin avtomashina eski ekanini ro‘kach qilib, pulni qaytarishni talab qiladi. G‘. Farmonqulov olgan pullarni sarflab qo‘ygandi. Bu gapni eshitgach, Sadriddin ortiga qaytib ketib, bir necha kundan so‘ng boshqa bir xaridorni ergashtirib keladi.

Yangi xaridor Elnazar Haq­qulov pulni to‘lagach, Sadriddin bilan G‘. Farmonqulov o‘rtasidagi oldi-berdi bar­ham topadi.

E. Haqqulov avtomashina uchun dastlab 7 million 200 ming so‘m bergandi. Qolgan pullarini har oyda bo‘lib-bo‘lib uch yil davomida to‘lashi lozim edi.

O‘shanda E. Haqqulov G‘. Farmonqulovdan «Neksiya»ni mas’u­liyati cheklangan ja­miya­ti hisobidan chiqarib, o‘zining nomiga rasmiylashtirib berishni so‘raydi.

— Sizga avtomashinani uch yil muddatga ijara shartnomasi asosida beryapman, — deya javob qilgandi G‘. Farmonqulov. — Yo‘nalishda yurish uchun lisenziya ham tayyorlab beraman. Bu taxlitda taksi xizmati ko‘rsatish sizga har jihatdan afzal.

O‘shanda E. Haqqulovga bu taklif ma’qul tushgan va u rahmat aytib avtomashinani uyiga olib ketgandi. U G‘. Farmonqulov bilan kelishuvga ko‘ra, yana 2 million 500 ming so‘mga «Neksiya»ni ta’mirlatadi. Lisenziya olib berishi uchun G‘. Farmonqulovga 700 ming so‘m ham beradi.

Ammo keyinchalik E. Haqqulov sog‘lig‘i pand berib avtomashinani boshqara olmaydi. Shu bois u «Neksiya»ni sotishga qa­ror qiladi. Bu xabarni eshitgan fuqarolar A. Panjiyev bilan I. Shonazarov «Neksiya»ni ijaraga berishni so‘­rab kelishadi.

— Har oyda sizga 600 ming so‘m ijara puli beramiz va bankdan olgan kredit mablag‘ingizni ham o‘zimiz yopamiz, — va’da qilishadi ular.

Afsuski, Ali bilan Is­moil­ va’dasida turmaydi. E. Haq­qulovga ijara puli to‘lash u yoq­da tursin, qorasini ko‘rsatmay qochib ketishadi.

Oradan ko‘p o‘tmay ichki ish­lar idoralari xodimlarining sa’y-harakati bilan avtomashina bir kishining hovlisidan topiladi. U yigirma ikki turdagi ehtiyot qismlari yechib olinib, tashlab ketilgandi.

Avtomashina uchun dastlabki to‘lov, ta’mirlash va lisenziya varaqasi olish uchun E. Haqqulov o‘n million so‘mdan ortiq xarajat qilganidan yuqorida o‘zingiz voqif bo‘lgandingiz. U jarima maydoniga vaqtincha keltirib qo‘yilgan avtomashinani sotish niyatida xaridor olib boradi. Xaridor G‘. Farmonqulov tomonidan tayyorlab berilgan lisenziya varaqasini ko‘rib, «bu haqiqiyga o‘xshamaydi, tekshirtirib ko‘ring» deydi.

Rost ekan, lisenziya varaqasi qalbaki bo‘lib chiqadi. Shun­­dan so‘ng E. Haqqulov bilan G‘. Farmonqulov o‘rtasida dahanaki jang boshlanadi.

G‘. Farmonqulov ancha quv odam edi. U nosoz «Neksiya»ni uyiga keltirib qo‘yadi. Bu esa, E. Haqqulovning battar to‘nini teskari kiyishiga sabab bo‘ladi.

E. Haqqulov G‘. Farmonqulovning qalbaki lisenziya holati yuzasidan Bosh prokuraturaning «Ishonch» telefoniga mu­rojaat qiladi.

Murojaat bo‘­yicha to‘p­langan hujjatlar o‘rganish, qonuniy qaror qabul qilish uchun tuman ichki ishlar bo‘limi tergov bo‘linmasi tergovchisi Orifjon Sultonovga beriladi.

Yosh tergovchi O. Sultonov 2016 yilning may oyida G‘. Farmonqulovga nisbatan Ji­noyat kodeksining 228-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atib, tergov harakatlari olib boradi.

Tergov natijasi bo‘yicha G‘. Farmonqulovga Jinoyat kodeksining 228-moddasi 1-qismi bilan ayb e’lon qilgani bo‘yicha so‘roq qilib, ehtiyot chorasi tayin­lay­di va 27 iyun kuni ayblov xulosasi tuzib, uni tasdiqlash uchun tuman prokuroriga yuboradi.

Bu paytda «Neksiya» avtomashinasi jarima maydoniga qo‘­yilgan, G‘. Farmonqulovga nisbatan ayblov prokuror tomo­ni­dan tasdiqlanib, jinoyat ishi sudga o‘tkazilgandi.

Xuddi shunday kunlarning birida G‘. Farmonqulov O. Sultonovga qo‘ng‘iroq qiladi. O‘zi rahbarlik qilayotgan mas’uliya­ti cheklangan jamiyati hisobidagi «Neksiya»ni jarima maydonidan chiqarib, yigirma ik­ki turdagi ehtiyot qismlarini topishni hal qilib berishni so‘raydi.

— Endi buning iloji yo‘q, — javob qiladi O. Sultonov. — Jinoyat ishi sudga o‘tkazilgan.

O‘zini muqarrar jazo kutayotganidan besaranjom G‘. Farmonqulov E. Haqqulovga qo‘ng‘iroq qiladi: «pulingizni beraman, avtomoshinani menga qaytaring».

E. Haqqulov uning gapiga ishonadi. Chunki dastlabki tergov chog‘ida u G‘. Farmonqulov bir ming AQSh dollari bersa, o‘zaro kelishuvga rozi ekanini aytgandi.

Ammo G‘. Farmonqulovning gapi yolg‘on ekan. Oradan bir necha kun o‘tgach, u pulni qaytarish tugul, E. Haqqulovning qo‘ng‘iroqlariga javob ham bermay qo‘yadi.

2016 yilning 7 iyul kuni O. Sultonovni birinchi o‘rinbosar S. Valiyev xonasiga chaqirib qoladi.

O. Sultonov S. Valiyevning xonasiga kirganda, G‘. Farmonqulov bilan E. Haqqulov ham shu yerda o‘tirishgandi.

— Bular o‘zaro kelishgan ekan, — deydi S. Valiyev, — G‘. Farmonqulov pul beradigan, E. Haqqulov pulni oladigan bo‘libdi, ularni o‘zaro yarashtirib, chiqarib yuboring.

Ular S. Valiyevning xonasidan chiqqach, G‘. Farmonqulov g‘a­lati gapni aytadi:

— Men E. Haqqulovga ishonmayman, — deydi u. — Pulni sizga beraman, siz hujjatlashtirib oling.

Tergovchi O. Sultonov jinoyat­ ishi bo‘yicha tergov harakatlari tugagani, ish sudga o‘tkazilgani bois bunday qilishga haqi yo‘q ekanini aytadi. G‘. Farmonqulov esa, bitta gapda turib oladi: «unda bermayman».

Qisqasi, oxir-oqibat O. Sultonov kompyuterda: «G‘. Farmonqulovdan fuqaro E. Haqqulovdan bo‘lgan 8 million 500 ming so‘m qarzdorligi hisobidan 100 kupyuradagi 10 dona, jami 1 000 AQSh dollari miqdoridagi pullar hujjatlashtirib olindi», degan mazmunda bayonnoma tuzadi. So‘ng bayonnomani ikkalasiga imzolatib, G‘. Farmonqulovga pullarni E. Haq­qulovga berishni aytadi.

Shunda G‘. Farmonqulov yana o‘sha eski gapni takrorlaydi: «Men pulni E. Haqqulovga ishonmayman». Shunday deb u pullarni stolning ustiga qo‘yadi. Keyin E. Haqqulov pulni sanaydi, 1 ming AQSh dollari ekanligini aytib, uni yana joyiga qo‘yadi.

O. Sultonov pulni konvertga solib, yelimlaydi va ikkalasiga imzolatadi va har ikkalasidan tilxat yozdirib oladi. Shundan so‘ng tergovchi pul solingan konvert, tilxat va bayonnomalarni olib, ular bilan birga S. Valiyevning xonasiga boradi. Ammo boshliqning birinchi o‘rinbosari kayergadir chiqib ketgan ekan.

Buni ko‘rib, O. Sultonov noiloj jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i A. Qo­dirqulovning xizmat xonasiga kiradi. Bu paytda G‘. Farmonqulov bilan E. Haq­qulov navbatchilik qis­mi eshigi oldida qolgandi.

Ayni shu damda kutilmaganda, A. Qodirqulovning xizmat xonasiga fuqarolik kiyimidagi kishilar kirib keladi. Ular o‘zlarini huquqni muho­fa­za qiluvchi idora xodimlari deb tanishtirgach, «Tergovchi kim?» — deb so‘rashadi.

Xullas, O. Sultonov jabrlanuvchi G‘. Farmonqulovning ishonchiga kirib, uning pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganlikda — Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, hibsga olinadi.

Tergovchi O. Sultonovning boshiga bu ko‘rguliklarning tushishiga asosiy sababchi G‘. Farmonqulov edi. Chunki G‘. Farmonqulov qalbaki lisenziya varaqasi tayyorlab bergani uchun talvasaga tushadi. Aslida E. Haqqulovdan avtomashinani qaytarishni so‘ragan va pullarini berishini aytgan ham uning o‘zi. Lekin G‘. Farmonqulov qonun doirasida ish tutayotgan O. Sultonovning harakatlarini o‘zicha noqonuniy deb hi­soblaydi.

G‘. Farmonqulov viloyat hu­quqni muhofaza qilish idorasiga borib, ish holatini ay­ta­di va qo‘l telefoniga yozib olingan tergovchi bilan suhbatni taqdim etadi. Suhbatda E. Haqqulovga berilishi kerak bo‘lgan 1 ming AQSh dollari tilga olingandi. Huquq­ni muhofaza qilish idorasi xodimlari kompyuterda uning nomidan ariza yozib, imzo qo‘ydirishadi.

G‘. Farmonqulovga ovoz yozish diktofoni bilan birga ming AQSh dollari beriladi. G‘. Far­­monqulovning «Men Elnazarga ishonmayman, pulni sizga beraman, pulni mendan hujjatlashtirib oling» deya qay­ta-qayta javrashi zamiridagi asosiy maqsad ana shu edi.

O. Sultonov tergovda ham, birinchi bosqich sudida ham aybiga iqrorlik bildirmaydi. O‘tkazilgan tazyiq tufayli yarashuv to‘g‘risida ariza yozishga majbur bo‘ladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudi kassasiya instansiyasining 2019 yil 15 noyabrdagi ochiq sud majlisida birinchi bosqich sudining 2016 yil 25 oktyabrdagi O. Sultonovga nisbatan chiqarilgan ajrimi bekor qilindi. Mazkur ji­noyat ishi birinchi bosqich sudida boshqa tarkibda ko‘rish uchun yuborildi.

Sudda jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari ting­­landi, jinoyat ishi hujjatlari o‘rganib chiqildi, mavjud dalillarga huquqiy baho berildi.

— Men 2016 yilda Departamentning Navoiy viloyat boshqarmasi surishtiruv bo‘limi surishtiruvchisi vazifasida ishlaganman, — dedi sudda qo‘­shimcha guvoh B. Xonkeldiyev. — Tezkor tadbirda qatnashganman. O. Sultonovdan nima maqsadda pul olganini so‘raganimizda, u G‘. Farmonqulov E. Haq­qulovga pullarni o‘zi unga ber­magani, pullarni mendan hujjatlashtirib oling, deb aytgani sababli bayonnoma va tilxat yozdirib olganini aytib, yonidagi konvert, bayonnoma va tilxatlarni taqdim qilgan edi.

B. Xonkeldiyevning aytishicha, G‘. Farmonqulovga xolislar ishtirokida bayonnoma asosida berilgan ovoz yozish moslamasining taqdiri nima bo‘lganini bilmaydi.

— Tergovchi O. Sultonovdan o‘shanda tushuntirish xati yoz­dirib olgandik, — dedi B. Xon­keldiyev. — U tushuntirish xatida konvertdagi pulni G‘. Farmonqulovning nomiga yozilgan ruxsatnomaga imzo qo‘ydirganimdan so‘ng E. Haq­qulovga berib yubormoqchi edim. Ammo tadbir o‘tkazilganligi sababli pulni E. Haq­qulovga bera olmadim. Pullarni qo‘lga kiritish niyatim va maqsadim yo‘q edi, deb yozib bergandi.

Qo‘shimcha guvoh A. Qodirqulovning sudda ko‘rsatma berishicha, O. Sultonov o‘sha kuni uning xizmat xonasiga G‘. Farmonqulovning ruxsatnomasiga imzo qo‘ydirish uchun kirgan. O. Sultonov G‘. Farmonqulov bilan E. Haqqulov kutib turganini, E. Haq­qulovga pullarni olib berish uchun olganini aytgan.

Shuningdek, u tezkor tadbir ishtirokchilaridan biri ikkinchisidan «diktofon» nima bo‘l­di, deb so‘raganini, suhbatdoshi unga «eshitib ko‘rdik, un­da tergovchi pul so‘ragani to‘g‘­risidagi so‘z­lar yo‘q ekan, «diktofon»ning keragi yo‘q» deb aytganini eshitgan. O. Sultonovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgach, A. Qodirqulovni tergovga chaqirishmagan.

— G‘. Farmonqulov menga berishi kerak bo‘lgan pulni tergovchi pora so‘rayapti deb ariza bergan ekan, — dedi sudda guvoh E. Haqqulov. — Tezkor tadbir ishtirokchilari men bilan alohida xonada gaplashishdi. Menga «tergovchi O. Sultonovning o‘zi pul so‘ragan edi, olgan pullarni menga bermasdi» degan mazmunda ko‘rsatma berasan deyishdi.

Sud O. Sultonovning harakatlarida jinoyat tarkibi yo‘q, degan xulosaga keldi. Chunki G‘. Farmonqulov E. Haq­qulovga avtomashina uchun berishi lozim bo‘lgan pul evaziga 1 ming AQSh dollarini tergovchi O. Sultonov ular ikkalasining ishtirokida bayonnoma tuzib, pullarni E. Haqqulovga berish maqsadida olgan.

Ish hujjatlariga ko‘ra, 2016 yil 7 iyul kuni xolislar ishtirokida G‘. Farmonqulovga tergovchi O. Sultonov bilan o‘rtalarida bo‘lib o‘tadigan suhbatni yozib olish maqsadida «Philips» markali ovoz yozish moslamasi — «diktofon» topshirilganligi to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Biroq surishtiruv va tergov organi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan kuni G‘. Farmonqulovga berilgan ushbu «diktofon» tegishli tartibda xolislar ishtirokida olinmagan va uni eshitib ko‘rish to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilib, ish hujjatlariga qo‘shilmagan.

Qonun talabiga ko‘ra, sudlanuvchining jinoyat sodir etishdagi aybi faqat sud muhokamasi davomida isbot qilingan dalillarga asoslanishi lozim. Ammo O. Sultonovning G‘. Farmonqulov mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishdagi aybi biron-bir ob’ektiv dalillar bilan isbotlanmagan.

Sud sudlanuvchi O. Sultonovni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb topdi. Jinoyat ishi bo‘yicha jinoiy hodisa yuz bermaganligi sababli O. Sultonov Jinoyat prosessual kodeksining 83-moddasi 1-bandiga asosan, reabilitasiya qilindi va oqlandi.

So‘nggi so‘zga to‘xtalganda, ko‘ngildan har kimga yaratganning o‘zi insof bersin, degan fikr kechadi. O‘zgalar tashvishi ortidan aybsiz odamni aybdorga aylantirish og‘ir gunoh. Gunoh ishning jazosidan esa, qochib qutulib bo‘lmaydi.

Kiritildi: 13:07 11.08.2020. O'qildi: 2992 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!