Navoiy shahrida joriy yilda 34 nafar maktab bitiruvchisi davlat imtihonida 189 ball to‘plagan. Ulardan qariyb yarmi — 16 nafari 11-maktab o‘quvchilari. Bu esa o‘sha ta’lim muassasasi rahbariyati va pedagogik jamoasi mehnatining yuqori samarasidan darak beradi.
«Milliy sertifikatlar, qandaydir imtiyozlar o‘z yo‘liga, ammo aynan davlat imtihoniga kirib, testlarni amalda bajargan holda 189 ballni qo‘lga kiritish oson emas. Buning ortida qanday mehnat turishini abituriyentlar, ularning ota-onalari va ustozlari yaxshi bilishadi, ko‘proq his qilishadi»,— deb yozmoqda jurnalist Ruslan Saburov o‘z Facebook sahifasida.
Shuningdek, 17-maktabdan 4 nafar, 16 va 12-maktabdan 3 nafardan, 8 va 19-maktabdan 2 nafardan, 1-, 6-, 7- va 15-maktablardan 1 nafardan bitiruvchi maksimal ballga erishgan.
Navoiy viloyati bo‘yicha esa bunday natijaga jami 71 nafar o‘quvchi erishgan. Bu o‘tgan o‘quv yilidagi ko‘rsatkichga (40 nafar) nisbatan 77,5 foizga ko‘pdir. Mutasaddilar fikricha, bu o‘sish ta’lim sifati yaxshilanganidan dalolat beradi.
Joriy yilgi davlat test sinovlarida jami 826 nafar abituriyent eng yuqori — 189 ball to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. Eng ko‘p maksimal ball biologiya va kimyo fanlari majmuasi bo‘yicha qayd etildi — 259 nafar abituriyent, asosan tibbiyot yo‘nalishiga kiradi. Ikkinchi o‘rinda ingliz tili va ona tili fanlari majmuasi (234 nafar) turibdi.
Shuningdek, tarix + chet tili (146 nafar), matematika + chet tili (139 nafar), davlat va huquq asoslari + chet tili (26 nafar), ona tili va adabiyot + chet tili (16 nafar), matematika + fizika (5 nafar) va fizika + matematika (1 nafar) yo‘nalishlarida ham maksimal natijalar qayd etilgan.
«Bu shubhasiz, rekord natija. Hatto bunkerlar gullab-yashnab, abituriyentlar o‘rniga professional ustozlar testlarni yechib bergan davrlarda ham maksimal ball olganlar soni bunchalar ko‘p bo‘lmagandi, adashmasam. Yoshlarimizga qoyil! Albatta, maksimal ball to‘plashda xalqaro va milliy sertifikatlarning tan olinishi ham katta rol o‘ynamoqda. Ammo sertifikatni ham ashula aytgani yoki raqs tushgani uchun emas, bilimi borligi uchun berishadi. Ya’ni sertifikati bor abituriyentda yetarli darajada bilim bor degani. Bu meni juda xursand qiladi. Yana bir bor ilmga chanqoq yoshlarimizga qoyil!»— deydi huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev.