Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi xodimlari tomonidan “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida tekshiruv o‘tkazilgan.
Tekshiruv davomida jamiyat ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘lgan chiqindi gazlar shamol yo‘nalishi ta’sirida Navoiy shahri va sanitar-himoya zonasi atrofiga tarqalayotgani, natijada atmosfera havosida zararli moddalarning me’yoriy ko‘rsatkichlari oshgani aniqlangan.
Holat yuzasidan “Navoiyazot” AJda ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i M.Vafoyevga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ish sudga yuborilgan. Sud tomonidan ish holatlari ko‘rib chiqilib, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 85-moddasi va 197-6-moddasi asosida bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Ma’lumot uchun, MJtKning 85-moddasi atmosfera havosini ifloslantirish, unga zararli fizik ta’sir ko‘rsatish yoki belgilangan talablarni buzgan holda foydalanish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni nazarda tutadi. 197-6-modda esa ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki uning ko‘rsatmalarini bajarmaslik uchun javobgarlik belgilaydi.