Bugun Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba tvitterdagi sahifasida NATO davlatlari Ukrainaning arizasini tezlashtirilgan tarzda – “a’zolik harakat rejasi”ni tasdiqlamasdan ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi. Odatda, bu nomzod mamlakat alyansga kirishdan oldin amalga oshirishi kerak bo‘lgan islohotlar ro‘yxati.
“Men uzoq kutilgan bu qarorni olqishlayman, bu bizning NATOga yo‘limizni qisqartiradi. Bu Ukrainani a’zo bo‘lishga taklif qilish bo‘yicha aniqlik kiritish uchun ham eng yaxshi vaqt”, — deb yozadi Kuleba.
Bugun aytganimizdek, NATOning eng yirik davlatlari Vilnyusdagi navbatdagi sammitda Ukrainani ittifoqqa qabul qilishga hali tayyor emas. Buning o‘rniga ular Ukrainaga Rossiya bilan urushda yordam berish uchun individual majburiyatlarga ruxsat berishadi.