Kelishuv Grenlandiyani anneksiya qilish o‘rniga tuzilishi mumkin, deb xabar bermoqda CNN.
AQSh va Daniya Grenlandiya masalasidagi mojarodan 1951 yildagi orolni himoya qilish to‘g‘risidagi kelishuvni qayta ko‘rib chiqish orqali qochishi mumkin. Telekanalning yevropalik manbaga tayanib xabar berishicha, NATO bosh kotibi Mark Ryutte shunday taklif bilan chiqqan.
Gap Grenlandiyani qo‘shma mudofaa qilishni nazarda tutuvchi va AQShga orolda harbiy bazalar joylashtirishga ruxsat beradigan hujjat haqida bormoqda. Telekanal suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Ryutte bu kelishuvni qayta ko‘rib chiqish masalasini xususiy tartibda ko‘targan.
CNN ma’lumotiga ko‘ra, kelishuvning yangi variantiga “Grenlandiyada Xitoy investisiyalarini taqiqlash bo‘yicha qat’iy kafolatlar” kiritilishi mumkin. Shu yo‘l bilan Ryutte keskinlikni kamaytirish va AQSh hamda Daniya o‘rtasida ochiq mojaroning oldini olishga umid qilmoqda.