Namangan viloyatida moddiy manfaatdorlik evaziga noqonuniy diniy saboq berish holatlari aniqlandi. Bu haqida DXX axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Namangan shahrining Baliqchi ko‘chasida istiqomat qiluvchi, 1995 yilda tug‘ilgan fuqaro ko‘p qavatli uylarning birida 15 nafar shaxsga diniy saboq bergan bo‘lsa, Ma’rifat mahallasida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan ayol o‘z xonadonida 14 nafar voyaga yetmagan bolalarga diniy o‘qish tashkil etib, ularning har biridan oyiga 1,5 million so‘mdan pul olib kelgan.
Yangi Namangan tumanida qayd etilgan holatda esa 1983 yilda tug‘ilgan shaxs Mehnatobod mahallasidagi yashirin “hujra”da 10 nafar voyaga yetmagan qizlarga va 3 nafar fuqaroga diniy ta’lim berib kelgan.
Ayni shu kabi holat Uychi tumanining Mashad mahallasida ham kuzatilib, unda 48 yoshli fuqaro o‘z uyida voyaga yetmagan bolalarni to‘plab, moddiy manfaat evaziga diniy saboq berish bilan shug‘ullangan.
Ta’kidlanishicha, bunday qonunbuzarliklar To‘raqo‘rg‘on va Namangan tumanlarida istiqomat qiluvchi 1975 va 1981 yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs tomonidan ham sodir etilgan.
Qilmishlari fosh bo‘lgan barcha soxta “dindorlar” hamda bolalarni tarbiyalash majburiyatlarini bajarmagan ota-onalarga nisbatan amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan choralar ko‘rilgan.