Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayenga maktub yo‘llab, uni Yevropaga dizel yoqilg‘isi va aviasiya kerosini yetkazib berishni ko‘paytirish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Makron o‘z maktubida Hormuz bo‘g‘ozining uzoq vaqt yopilishi va Yaqin Sharqdagi energetika infratuzilmasiga hujumlarning qayta kuchayishi jahon neft bozoridagi vaziyatni yanada qiyinlashtirayotganini ta’kidladi.
Fransiya Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, neft bozori hozircha neftni qayta ishlashni ko‘paytirish, Osiyoda talabning pasayishi va to‘plangan zaxiralardan foydalanish bilan qoplandi. Biroq, bu imkoniyatlar asta-sekin tugab bormoqda. Fransiya hukumatining ma’lumotlariga ko‘ra, 22 sentyabr kuni ertalab mamlakatdagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarining taxminan 14 foizida yoqilg‘i tanqisligi yoki deyarli tanqislik kuzatilgan.
Makronning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar Hormuz bo‘g‘ozi deyarli yopiq bo‘lib qolsa va Saudiya Arabistoni “Sharq-G‘arb” quvur liniyasini qayta tiklamasa, dunyo bo‘ylab neft yetkazib berish kuniga kamida 4 million barrelga qisqarishi mumkin. Bu neft narxlarining keskin oshishiga olib kelishi mumkin. Uning maktubida jahon neft zaxiralari 500 million barreldan ortiqqa kamaygani aytilgan.
Fransiya prezidenti Yevropa Yaqin Sharqdan import qilingan aviasiya yoqilg‘isiga 36% va dizel yoqilg‘isiga 18% bog‘liqligini ta’kidladi.
Inqrirozdan chiqish yo‘li
Makronning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi qisqa muddatda yo‘qolgan xom neftni to‘liq qoplay olmaydi, ammo mavjud xomashyo va neftni qayta ishlash quvvatlaridan samaraliroq foydalanish orqali neft mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirishi mumkin.
U Yevropa Komissiyasini yoqilg‘i sifatiga qo‘yiladigan ba’zi talablarni vaqtincha yumshatishga chaqirdi. Bu neftni qayta ishlash zavodlariga ko‘proq aviasiya yoqilg‘isi va dizel ishlab chiqarish imkonini beradi.
Makronning so‘zlariga ko‘ra, yoqilg‘i zichligi, o‘zgaruvchanlik va oltingugurt miqdori kabi parametrlarning o‘zgarishi alohida zavodlarda ishlab chiqarishni taxminan 5-20% ga oshirishi mumkin.
Fransiya shuningdek, 10% gacha bioyoqilg‘i o‘z ichiga olgan V10 dizelidan Yevropa Ittifoqida keng foydalanishga ruxsat berishni taklif qildi. Buning uchun avtomobil ishlab chiqaruvchilari bilan birgalikda qaysi dvigatellar bunday yoqilg‘ida xavfsiz ishlashi mumkinligini aniqlash taklif qilinmoqda.
Makronning so‘zlariga ko‘ra, bu choralar geosiyosiy vaziyat barqarorlashishini kutmasdan, Yevropaga yoqilg‘i yetkazib berish hajmini oshirish imkonini beradi.