MIB Surxondaryo viloyati boshqarmasi axborot xizmati O‘zAga Muzrabot tumanida yashovchi alimentchi ota ikki farzandining moddiy ta’minoti uchun 274 million so‘m pul to‘laganini ma’lum qildi.
Gap shundaki, Sobirjon Botirov mahalladoshi Noila G‘afforova (ism-shariflar o‘zgartirildi) bilan oila qurib, ko‘pchilik havas qiladigan ikki o‘g‘il farzandli bo‘lishadi. Keyinchalik ularning bir-biriga ishonchi so‘ngani sababli oilaga darz ketadi. Ajrashishadi. Farzandlar ona qaramog‘ida qoladi. S.Botirov boshqa bir ayol bilan turmush qurib, ishlash uchun chet elga yo‘l oladi.
Onaizorning fuqarolik ishlari bo‘yicha sud organlarida aliment undirishni belgilash haqidagi arizasi ko‘rib chiqilgach, qanoatlantirildi. Ijro hujjati MIB tuman bo‘limiga yuborilgach, alimentchi otaning bir yil muqaddam xorijga chiqib ketgani aniqlandi.
Xorijdagi qarzdor ota davlat ijrochilari bilan telefon orqali so‘zlashuvda farzandlarining moddiy ta’minotidan xabar olib turish va aliment pulini oldindan to‘lab berishga va’da qildi. Ana shu suhbatdan so‘ng S.Botirovning chet elda birga yashayotgan turmush o‘rtog‘i MIB Muzrabot tumani bo‘limiga kelib, davlat ijrochisi hisoblab bergan 274 million so‘m aliment pulini naqd to‘ladi. Bu mablag‘ belgilangan tartibda undiruvchi N. G‘afforovaning bank plastik kartasiga yo‘naltirildi.
Jigarbandlari oldidagi qarzini uzgan Sobirjon Botirov kelgusida ham farzandlarining moddiy ta’minotidan xabar olib turish va ularga bor mehrini berib, kamolga yetkazishga ko‘maklashishga so‘z berdi.