Har bir insonning tug‘ilishi uning kamolot sari qo‘ygan dastlabki qadamidir. U jismonan ulg‘ayish barobarida ma’naviy jihatdan ham kamol topib boradi. Bu jarayonni esa jamiyatsiz, jamiyat a’zolari orasidagi o‘zaro muloqotsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayni paytda esa ma’naviyati yuksak shaxsni e’tiqodsiz, insoniy a’molsiz tasavvur qilish ham mumkin emas. Mana shu ikki uzviy jihatni e’tiborga olgan holda, mazkur maqolada jamiyat a’zolari orasidagi o‘zaro muloqot masalasini islomiy e’tiqod nuqtai nazaridan tahlil qilib ko‘rmoqchimiz. Tahlil obe’kti sifatida insoniy fazilatlardan biri – muloyimlikni tanladik. Zero, Navoiy hazratlari “Mahbub ul-qulub” asarida ta’kidlaganidek, “Hilm (muloyim tabiatlik) inson vujudining xushmanzara mevali bog‘idir va odamiylik olamining javohirga boy tog‘idir. Hilm – axloqli odamning qimmatbaho libosi va u kiyim turlarining eng chidamli matosidir”.
Muloqot madaniyatining muhim uzvi hisoblanuvchi muloyimlik Islomda ham markaziy tushunchalardan biridir. Bu xususda Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham ko‘p bora marhamat qilingan. Jumladan, quyidagi hadisga diqqat qilaylik:
Abu Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi: “Ey Allohning Rasuli, bomdod namozini jamoat bilan o‘qish uchun masjidga chiqmayapman. Bunga falonchining bizga imom bo‘lib, namozni juda ham cho‘zib yuborayotgani sabab bo‘lyapti”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunchalik g‘azablanganliklarini hech ko‘rmagan edim. Bu gapni eshitib Rasululloh: “Sizlarning ichingizda insonlarni dindan uzoqlashtiradiganlar bor. Qay biringiz odamlarga imom bo‘lsa, (holatga qarab) namozni qisqa qilsin. Chunki ularning orasida zaiflar, yoshi ulug‘ insonlar bor”, dedilar (“Manhal hadis” kitobidan).
E’tibor bering, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga shikoyat qilayotgan kishi namozni cho‘zib yuborayotgan insonning ismini aytmayapti. Bunchalar go‘zal xulq! Vaholanki, o‘sha odam ularning ichida edi. Rasululloh shikoyatni eshitib, albatta, g‘azablandilar, lekin aybdorni aynan koyimadilar, balki o‘sha yerda o‘tirgan barchaga xitob qildilar. Bu esa u zotning mehribon va yuksak olijanob xulq egasi ekanidan dalolat beradi. Qolaversa, bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odatlari edi. Agar shu paytda aybdor shaxsning o‘zinigina koyisalar, boshqalar orasida xijolat bo‘lar va dindan ko‘ngli sovir edi.
Namozni qisqa o‘qishga bo‘lgan buyruqdan namozning qonun-qoidalariga to‘liq rioya qilib o‘qishlik tushuniladi. Agar namozxonlar ichida hadisda aytilgan sifatli insonlar bo‘lmasa va odamlar namozni uzoqroq o‘qishga rozi bo‘lsalar, uzoqroq o‘qish zarar qilmaydi, deydi ulamolarimiz.
Agar tafakkur qiladigan bo‘lsak, ushbu hadisda muloyimlik, do‘stining sha’nini saqlash kabi inson ma’naviy olamini bezaydigan go‘zal xulqlar targ‘ib qilinyapti. Qarang, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qattiq g‘azablansalar ham g‘azabini barchaga sochmadilar, balki g‘azablarini bosib, o‘z ummatiga mehrini yana bir bor namoyish etib, halimlik bilan shariat hukmini o‘rgatdilar. Agar har bir voqeaga qattiqqo‘llik bilan qaraganlarida, insonlar u zotning atrofidan qochib ketar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dinni yengil qilib ko‘rsatishni buyurdilar, chunki Islom dini yengil, yengillikdir.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, har bir inson jamiyatning bir uzvi ekan, o‘zi mansub bo‘lgan mazkur jamiyatning har bir a’zosini hurmat qilmog‘i, har qanday muammoli vaziyatda ham muloyimlik bilan muomalada bo‘lmog‘i darkor. Zero, muloyimlik zamonaviy muloqot psixologiyasi tomonidan ham, buyuk allomalarimiz tomonidan ham, shuningdek, Islomda ham e’tirof etilgan va ulug‘langan fazilatdir.
Manba: muslim.uz