Mamlakat parlamenti bosh vazir Luvsannamsrayna Oyuun-Erdeneni iste’foga chiqardi. Hukumatga ishonch bo‘yicha ovoz berish natijasiga ko‘ra, hukumat rahbari 44 ta ovoz oldi, lavozimini saqlab qolishi uchun unga kamida 64 ta ovoz kerak edi, chunki parlamentda jami 126 nafar deputat bor.
Bosh vazirning hokimiyatdan chetlatilishiga uning 23 yoshli o‘g‘li Temuulen hamda kelini Uguumur sabab bo‘ldi. May oyining o‘rtalarida Mo‘g‘ulistonda Uguumurga tegishli Instagram sahifasidagi suratlar virus kabi tarqaldi. Mazkur suratda u 5 ming dollardan ortiq turadigan ko‘ylakda, 50 ming dollarlik avtomobil rulida, 5 ming dollarlik sumka, qimmatbaho do‘konlardan xarid qilingan paketlar, hashamatli uzuk va vertolyotda sayr qilayotgan holatlarda tasvirlangan. Hozir bu suratlar o‘chirilgan.
Mamlakatda narxlar oshib borayotgan bir paytda Uguumurning bunday suratlari jamoatchilikda keskin norozilik uyg‘otdi va bu poytaxt Ulan-Bator markazidagi Suxe-Bator maydonida, Hukumat saroyi oldida namoyishlarga sabab bo‘ldi. Aksiya ishtirokchilari “Iste’fo — bu oddiy narsa” degan shior bilan chiqishdi.
"Temuulenning rasman hech qanday daromad manbai yo‘q. Namoyishchilar uning hashamatli xaridlarini bosh vazir Oyuun-Erdene moliyalashtirgan, deb hisoblaydi. Bu esa nafaqat bosh vazirning “xalqdan chiqqan odam” degan imijiga zid, balki noqonuniy boylik orttirish bo‘yicha shubhalarni ham kuchaytiradi", deb yozadi “Meduza”.
Oyuun-Erdene unchalik boy bo‘lmagan oiladan chiqqan, butun faoliyati davlat xizmatlari va partiya ishlari bilan bog‘liq. Bosh vazirlik maoshi esa o‘g‘li va bo‘lajak kelini internetda ko‘rsatgan hayot tarzini yuritishga yetmaydi.