Ijtimoiy tarmoqlarda erkak kishi ayolga kuch ishlatganligi aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida quyidagilar aniqlangan.
Joriy yilning 22 iyul kuni taxminan soat 13.30 larda Mirobod tumani, Qo‘yliq-1 dahasi hududidagi ko‘p qavatli uylar oldida 1993 yilda tug‘ilgan S.A. o‘zaro kelishmovchilik oqibatida oldindan tanishi bo‘lgan 1999 yilda tug‘ilgan T.K. ga nisbatan kuch ishlatib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan jamoat tartibini buzgan. Biroq, jabrlanuvchi ichki ishlar organlariga hamda shifoxonaga murojaat qilmagan.
Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (“Mayda bezorilik”) va 194-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) alomatlari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudiga yuborilgan. Sud tomonidan S.A. ga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.