Milliy razvedka xizmatining sobiq rahbari Richard Grenell AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus topshiriqlar bo‘yicha vakili etib tayinlanadi.
"Richard dunyoning eng qaynoq nuqtalarida, jumladan Venesuela va Shimoliy Koreyada ishlaydi. U hamisha kuch orqali tinchlik uchun kurashadi va har doim Amerikani birinchi o‘ringa qo‘yadi", — deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Grenell qattiq diplomatiya tarafdori hisoblanadi. U Trampning oldingi prezidentlik muddatida qisqa vaqt Milliy razvedka direktori vazifasini bajaruvchi sifatida ishlagan, ammo keyinroq bu lavozimdan voz kechgan.
Reuters agentligining qayd etishicha, Grenell Kiyev va Moskva o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi doirasida Ukrainada “avtonom zonalar” yaratish tarafdori bo‘lgan, shuningdek, Ukrainaning NATO'ga kirishiga qarshi chiqqan. Manbalar Grenellning uzoq vaqt davomida Yevropada diplomatik xizmatda ishlaganini va "Evropa ishlarini yaxshi bilishini" ta’kidlamoqda.