Bugun 18 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Millatchi hindlarga musulmonlarning taomi nega yoqmay qoldi?

Millatchi hindlarga musulmonlarning taomi nega yoqmay qoldi?

Ziravorlar bilan to‘yintirilgan go‘sht va guruch idishga qatlam-qatlam qilib terilib, ustidan xamir yoki zar qog‘oz yopiladi va past olovda pishiriladi. Pishirilgan guruch go‘sht, masala va ziravorlarning xushbo‘y hidi bilan to‘yingan holga keladi. Bu biryani deb ataluvchi taomning reseptlaridan biri bo‘lib, u chindan ham mazalidir.

Bunday pazandalik mahoratini qadrlamagan odam kamida g‘alati ko‘rinadi. Biroq hozirgi ajib zamonda Hindistonda biryani haqoratlar nishoniga va saylovoldi kurashda siyosiy qurolga aylandi. 

Fuqarolarning milliy reestrini tuzishga qarshi o‘tkazilgan norozilik namoyishlariga javoban esa millatchiligi bilan mashhur hukmron«Bharatiya Janata» partiyasi biryanini va u orqali musulmonlarni yomonotliqqa chiqarishga urindi.

(Fuqarolarning milliy reestri – bu ma’lum vaqt davomida Hindistonda yashaganligini isbotlay oladigan odamlar ro‘yxati. Agar ular buni isbotlay olmasa, mamlakat fuqarolari deb tan olinmaydi va shunga ko‘ra barcha huquqlardan mahrum bo‘ladi).

«Aam Aadmi» («Oddiy inson») partiyasi fuqarolik haqidagi qonunga o‘zgartirish kiritilishiga qarshi Dehlining Shahin Bagh tumanida o‘tkazilgan aksiyada namoyishchilarni biryani bilan siylagani «Bxaratiya Janata»ning e’tiboridan chetda qolmadi. «Bxaratiya Janata» bo‘linmalaridan biriga boshchilik qiladigan Amit Malviya Tvitterda hayajon bilan shunday yozdi: "Mana dalil – Shahin Baghda biryani tarqalmoqda!" 

Ya’ni Malviya musulmonlar yig‘ilganiga ishora qilmoqda. Bu namoyishchilar musulmonlarni kamsituvchi o‘zgartirishga qarshi chiqqan (qo‘shni davlatlardan kelgan turli dinga mansub qochqinlarga fuqarolik berilishini ko‘zda tutuvchi va bunda musulmon qochqinlarni istisno qiluvchi o‘zgartirish). «Bxaratiya Janata» partiyasining taniqli vakillaridan biri Yogi Adityanatx esa namoyishchilarni biryani bilan emas, o‘q bilan «siylash» kerakligini ta’kidladi. 

Biryani – Janubiy Osiyodagi musulmonlar bilan yaqindan bog‘liq bo‘lgan taom. Hindistondagi deyarli har bir musulmon jamoasining o‘ziga xos biryanisi bor. Biroq u allaqachon musulmon bo‘lmaganlarning ham sevimli taomiga aylangan, hindlar uni go‘sht qo‘shmay tayyorlaydi. 

«Bharatiya Janata» nima uchun biryaniga achchiq qilayotganini tushunish uchun hukmron partiyaning mafkurasiga qarashingiz kerak: bu hind millatchiligi yoki hindutvadir. Siyosatshunos Kristof Jafrelot shunday deydi: "Millatchi hindlarning norozilik madaniyatini psixologik konteksdan ayro tushunib bo‘lmaydi. Bu mafkura 19-asrning oxirida zaiflikka reaksiya sifatida shakllandi. Garchi hindlar son jihatidan ko‘pchilik bo‘lsa-da, kasta va diniy mansublikka ko‘ra ichki bo‘linish sababli har doim musulmonlarga nisbatan zaifroq deb hisoblangan". 

Shunday qilib, hindutva Garvard antropologi Stenli Tambiyaning "ozchilikdan xavfsiragan ko‘pchilik" tavsifiga mos keladi.

Hindistondagi hind millatchilari o‘z siyosati uchun musulmonlardan qo‘rqishni asos qilib olmoqda, holbuki, har yetti hindistonlikdan bittasi musulmon, xolos. Millatchilarning iddaosiga ko‘ra, musulmonlar Hindistonda yashashdan katta foyda olmoqda.

«Islamosfera» materiali asosida tayyorlandi. 

Kiritildi: 09:43 24.02.2020. O'qildi: 3628 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!