22 oktyabrdan boshlab Microsoft mutaxassislari Midnight Blizzard xakerlik guruhi tomonidan hukumat va mudofaa tuzilmalari, shuningdek, ilmiy va nodavlat tashkilotlar vakillariga fishing elektron pochta xabarlarini tarqatish ko‘payganini qayd etdi. Ushbu guruh Rossiya bilan aloqadorligi taxmin qilinmoqda.
"Midnight Blizzard'ning oldingi fishing kampaniyalari bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvimizga asoslanib, ehtimol ushbu operasiya razvedka ma’lumotlarini yig‘ish uchun amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin deb baholaymiz", — deydi Microsoft Threat Intelligence jamoasi blogida.
Mutaxassislarning fikricha, elektron xatlar 100 dan ortiq tashkilotdagi minglab shaxslarga yuborilgan. Ukraina hukumatining kiber favqulodda vaziyatlarga qarshi kurash guruhi (CERT-UA) va Amazon ham xakerlik faoliyati haqida xabar bergan.
Microsoft ta’kidlaganidek, AQSh va Buyuk Britaniya rasmiylari Midnight Blizzard'ni Rossiya razvedkasi bilan bog‘lagan.
“Xakerlar birinchi navbatda AQSh va Yevropadagi hukumat, diplomatik muassasalar, nodavlat tashkilotlar va IT-xizmat provayderlarini nishonga olishmoqda. Ularning maqsadi josuslik orqali razvedka ma’lumotlarini yig‘ishdir", deb yozadi ekspertlar.