AOKAda o‘tkazilgan brifingda energetika vaziri o‘rinbosari Azizxo‘ja Qobilov gaz narxining erkinlashtirilishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ma’lumot berdi:
–Kuni kecha metan gaz narxlari bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda qator muhokamalar bo‘ldi. Shu sababli, ushbu masalaga atroflicha to‘xtalib o‘tish lozim. 1 avgustdan e’tiboran metan gazni sotishda chegara narxni olib tashlashga qaror qilindi. Endilikda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalaridagi narxni bozor belgilaydi.
Qayd etish kerakki, tadbirkorlarga narx belgilashda erkinlik berish “xohlagan ishni qilish imkoniyatini” anglatmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 apreldagi 204-sonli qaroriga ko‘ra, joriy yilning 1 iyunidan AGTKShlar uchun realizasiya qilinadigan 1 metr kub tabiiy gaz narxi (QQS bilan) 1800 so‘m etib, shuningdek, 25 maydagi 301-sonli qarori bilan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida sotishda gazning eng baland chakana narxi 2024 yilning 1 avgustiga qadar bir kub metr uchun 3 750 so‘m etib belgilangan edi.
Sotib olinadigan tabiiy gaz narxi va soliqlar stavkalari qat’iy belgilangani hamda boshqa saqlash xarajatlarida sezilarli o‘zgarishlar kutilmayotganini inobatga olib, 1 avgustdan keyin avtomobillar uchun gaz narxi keskin oshishiga yetarli asoslar mavjud emas, deb hisoblaymiz.
Ta’kidlash kerakki, Prezidentimiz gaz narxining asossiz oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kecha hukumatga qat’iy topshiriq berdilar. Shu sababli, gaz narxining asossiz oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik bosh masala bo‘ladi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Bosh prokuratura, “O‘zenergoinspeksiya” hamda boshqa tegishli idoralar tomonidan metan gaz narxini barqarorlashtirish bilan bir qatorda, narxlarning asossiz oshirib yuborilishining oldini olish bo‘yicha jiddiy nazorat olib boriladi.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda respublikamiz bo‘yicha 1 ming 485 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi mavjud bo‘lib, ularga joriy yil boshidan beri 2 milliard 800 million metr kub tabiiy gaz yetkazib berilgan.
Ishlab chiqaruvchilar va importyorlar tomonidan birja savdolariga suyultirilgan gaz qo‘yish hajmlari kamayib, mahsulotning o‘rtacha sotilish narxi iyul oyi boshidagiga nisbatan 25 foiz (6 mln so‘mdan → 7,5 mln. so‘mgacha) oshgan.
Avgust oyining 7 sanasidan e’tiboran “Uzbekistan GTL” MCHJ tomonidan kuniga yana qo‘shimcha 100 tonnadan suyultirilgan gaz birja savdolariga qo‘yib boriladi.
Taklif hajmini oshirish maqsadida joriy yilda 6 ta yangi importyor tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan jami 11,3 ming tonna import suyultirilgan gaz birjada sotilgan. Xususan, yil boshidan buyon o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan birja orqali 32 ming tonna (+23 foiz) ko‘p mahsulot sotilgan bo‘lsa, respublikamizga 59 ming tonna import qilingan (+50 ming tonna ko‘p).
Bugungi kunda suyultirilgan gazning tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan import qilinishiga hech qanday taqiq va cheklovlar mavjud emas. Aytish joizki, bugungi kunda noqonuniy foydalanish holatlarini oldini olish bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari, “O‘zenergoinspeksiya” va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida barcha hududlarda ishchi guruhlar tashkil qilingan bo‘lib, kunlik nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Nazorat tizimini raqamlashtirish, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari tomonidan kunlik realizasiya qilinayotgan tabiiy gaz hajmini onlayn kuzatib borish va gaz ballonlar portlashining oldini olish maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda dasturiy ta’minot ishlab chiqilgan.
U dastlab Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatidagi 3 ta AGTKShda tajriba sinovidan o‘tkazildi hamda Toshkent shahridagi bitta shoxobchada to‘liq ishga tushirildi.
2025 yil 1 yanvarga qadar barcha shoxobchada gaz to‘ldirish ustunlariga qo‘shimcha qurilmalar o‘rnatilib, realizasiya qilinayotgan gaz hajmi onlayn kuzatib boriladi.
Bundan tashqari, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari hududlari kuzatuv kameralari bilan jihozlanib, avtomobil raqami orqali avtomobilga o‘rnatilgan gaz balloni sinovdan o‘tgan yoki o‘tmagani aniqlanadi.
Shu bilan birga, metan, propan va benzin zapravkalarida sotilayotgan yoqilg‘i narxlarining sun’iy ravishda oshirilishi holatlarining oldini olish bo‘yicha Bosh prokuratura huzuridagi Departament, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, “O‘zenergoinspeksiya” hamda Soliq qo‘mitasiga bir qator vazifalar yuklatildi.
Endilikda sotilayotgan yoqilg‘ilarning narxlarini sun’iy ravishda oshirish holatlari aniqlangan taqdirda, mazkur tadbirkorlik sub’ektlari qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi hamda ularga yoqilg‘i yetkazib berilishi to‘xtatiladi.