Bugun 10 sentyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Mers Tramp bilan telefon suhbatini "otmen" qildi

Mers Tramp bilan telefon suhbatini "otmen" qildi

Germaniya kansleri Fridrix Mers va AQSh prezidenti Donald Tramp 8 sentyabr kuni telefon orqali suhbatlashishi rejalashtirilgan edi. Biroq suhbat kutilmaganda boshqa, hozircha aniq belgilanmagan sanaga qoldirildi. Bunga rasmiy sabab hali ma’lum qilinmagan.

Germaniya hukumati matbuot kotibi Shtefan Kornelius esa masala oddiy jadvallar mos kelmagani bilan bog‘liq emasligiga ishora qildi.

BILD tahririyati suhbatning qoldirilishiga Oq uyning Germaniyadagi mintaqaviy saylovlarda «Germaniya uchun alternativa» (AfD) partiyasining muvaffaqiyatiga munosabati sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Tramp Mersning siyosiy raqibi bo‘lgan AfD partiyasining saylovdagi natijasini olqishladi. AQSh prezidenti Truth Social tarmog‘ida: «Vau, Germaniyada populistik partiya uchun haqiqatan ham katta kecha bo‘ldi», — deb yozdi.

Tramp shuningdek, o‘zining mashhur «Make America Great Again» shioriga o‘xshatib, «MGGA!!!» qisqartmasini qo‘shdi. Bu «Make Germany Great Again» — «Germaniyani yana buyuk qilamiz» ma’nosini anglatishi mumkin. Tramp AfDni bevosita tilga olmagan, ammo «Ular yuksalishda», deb yozgan.

Suhbatning qoldirilishi Trampning ushbu posti bilan bog‘liqmi, degan savolga Kornelius izoh berishni istamadi. U faqat Mers avval ham bir necha bor aniq bildirgan pozisiyasiga ishora qildi. Kansler «abstrakt shaklda» Germaniyadagi ichki siyosiy vaziyatga, ayniqsa saylovlar bilan bog‘liq holatlarga aralashish yoki ular haqida izoh berishni «qabul qilib bo‘lmaydi», deb ta’kidlagan.

SDPG AQSh prezidentining bayonotiga munosabat bildirishni talab qildi

Mersga qo‘shimcha bosimni Sosial-demokratik partiya (SDPG) ham o‘tkazmoqda. Partiyaning Bundestagdagi fraksiyasi boshqaruvchisi Dirk Vize federal hukumatdan Trampning bayonotlariga aniq munosabat bildirishni talab qildi.

«Bu masalada ochiq-oydin gaplashish kerak. Bunday aralashuvga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Menimcha, biz [...] bunga ko‘z yuma olmaymiz», — dedi Vize.

Vize hatto qiyosiy misol keltirdi: agar Germaniya hukumati AQShda gubernatorlik saylovida demokrat nomzodning g‘alabasini olqishlaganida nima bo‘lar edi?

«Menimcha, o‘shanda Truth Social AQSh prezidentining reaksiyasi sabab titrab ketgan bo‘lardi», — dedi u.

Mers va Trampning telefon suhbati aslida boshqa mavzuga — 2001 yil 11 sentyabrdagi terrorchilik hujumlarining 25 yilligiga bag‘ishlanishi kerak edi.

Kiritildi: 22:00 09.09.2026. O'qildi: 684 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!