Italiya bosh vaziri Jorja Meloni Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat fonida Fors ko‘rfazi mamlakatlariga safar qildi. U Saudiya Arabistoni, Qatar va BAAni o‘z ichiga olgan ushbu tashrif bilan Yevropa Ittifoqi va NATO davlatlari orasida mintaqada bo‘lgan ilk liderga aylandi.
Bu safar AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyotlari davom etayotgan, mintaqada raketa hujumlari kuzatilayotgan bir paytda amalga oshirildi.
Melonining safar rejasi xavfsizlik sababli oxirgi paytgacha maxfiy saqlangan. Italiya OAVlariga ko‘ra, mamlakat maxsus xizmatlari uni bunday safardan qaytarishga harakat qilgan. Shunga qaramasdan, u Saudiya Arabistonida shahzoda Muhammad bin Salmon bilan hamda Qatarda amir Tamim bin Hamad Ol Taniy bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Quvaytga tashrif rejasi esa xavfsizlik sabab bekor qilingan.
Rasmiylarga ko‘ra, Meloni safardan Fors ko‘rfazi davlatlari bilan munosabatlarni mustahkamlash hamda strategik hamkorlikni kengaytirishni maqsad qilgan.
Biroq tahlilchilarga ko‘ra, asosiy omil — energetika xavfsizligi bo‘lib, Fors ko‘rfazi neft va gazning yirik manbai, global narxlarga ta’sir qiluvchi asosiy hudud hisoblanadi.
Jumladan, Meloni va Qatar amiri Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish zaruriyati haqida to‘xtalgan. Meloni Qatarda, shuningdek, Eron hujumlaridan jabrlangan energetika ob’ektlarini tiklashda yordam berishga va’da qilgan.