«Real» hujumchisi Kilian Mbappening Italiyadagi ta’tili ijtimoiy tarmoqlar va OAVda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda AFP agentligi xabar berdi.
Avvalroq, 1 may kuni Sky Sport nashri fransiyalik hujumchining ispaniyalik aktrisa Ester Eksposito bilan Sardiniyadagi restoranlardan birida tushgan videosini e’lon qilgan edi. Ushbu kadrlar tarqalgach, jamoa rahbariyati va futbolchilar jarohatidan tiklanayotgan Mbappening bunday safaridan norozi ekani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
Futbolchining vakillari ushbu tanqidlarga rasmiy munosabat bildirdi.
«Bu kabi ayblovlar tiklanish jarayonidagi mayda detallarni noto‘g‘ri talqin qilishga asoslangan. Aslida jarayon klub tomonidan qat’iy nazorat qilinmoqda. Bu tanqidlar Kilianning jamoa manfaati yo‘lida har kuni qilayotgan mehnati va fidoyiligiga mos kelmaydi», — deyiladi bayonotda.