Bugun 4 may, 2024 yil, shanba

КИР

Masjiddagi dilxiraliklar: telefonni o‘chirib qo‘yish qiyinmi?

Masjiddagi dilxiraliklar: telefonni o‘chirib qo‘yish qiyinmi?

Masjidga kirayotganingizda, albatta, telefonlarni o‘chirib qo‘ying, degan belgiga ko‘zingiz tushadi. Aslida, masjidga kirganda telefonlarni o‘chirib qo‘yish kerakligini birov aytmasa ham bilamiz. Chunki ibodat qilayotganida bandani hech narsa chalg‘itmasligi, bezovta qilmasligi kerak.

Shu paytga qadar ko‘p marta imom ma’ruzalarida «Iltimos, telefonlarni o‘chirib qo‘yinglar!» deya ta’kidlaganlarini eshitganman. Ammo, taassufki, deyarli har safar namoz o‘qish vaqtida kamida ikki yoki uchta telefon jiringlab qoladi.

Bugun xuddi shunday xunuk holat yuz berdi. Ayni namoz o‘qilayotgan paytda bir akaning telefoni jiringlab qoldi. Istaysizmi, yo‘qmi, quloq eshitadi baribir. Ko‘pchilik chalg‘idi. Qolaversa, haligi aka nimadir qildi, shekilli, o‘chirishga urinaman dedimi, boshqami, orqadan kimdir piqillab kulib yubordi. O‘rtada telefon egasining va yana kimlarningdir ibodati buzildi (Yaratganning O‘zi kechirsin).

Masjidga namoz o‘qishga kiradi odam. Namoz o‘qiyotganda esa to ibodat tugaguncha chalg‘imaslik kerak. Ibodat qoq o‘rtasidan yoki istalgan paytda tashlab chiqib ketadigan amal emas. Bu to‘yxonamidiki, kimdir qo‘ng‘iroq qilib qolsa, darrov oshni qoq belidan to‘xtatib, chiqib ketsak… Shunday ekan, telefonni o‘chirmaslikdan nima naf?

Yodidan ko‘tarilgandir, deymiz. Ehtimol. Ammo jum’a namozi haftada bir marta o‘qiladi. Shu bir kunga yaxshilab tayyorlanib, telefonlarni o‘chirib, bezovta bo‘lmaydigan bo‘lib kelsa bo‘ladi-ku!

Buning sababi bitta: beparvolik, loqaydlik. Agar jum’a namoziga chindan ham xolis niyat, Alloh rizoligi uchun kelsak, albatta, har jihatdan bu ibodatga tayyor bo‘lamiz, telefonlarimiz ham o‘chiq bo‘ladi. Axir o‘zining va boshqalarning ibodatiga xalal berish gunohi azim, Vallohu A’lam.

Kiritildi: 16:47 14.06.2019. O'qildi: 2584 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!