ICT Week Uzbekistan 2026 ko‘rgazmasida Uztelecom ikkita ma’lumotlar markazini ishga tushirdi, yangi raqamli xizmatlarni taqdim etdi va 20 dan ortiq shartnoma imzoladi. 22 sentyabrdan 25 sentyabrgacha davom etgan to‘rt kun davomida kompaniya biznes va kundalik hayot uchun yechimlarni namoyish etdi: bulutli quvvatlar va sun’iy intellektdan tortib, chekka hududlardagi aloqa va shahar xizmatlarigacha.
22 sentyabr kuni Uztelecom Buxoro va Qo‘qonda ma’lumotlar markazlarini ishga tushirdi. Ular UzCloud milliy bulutli platformasi infratuzilmasining bir qismi bo‘lib, sun’iy intellekt modellarini o‘qitish va ishga tushirish uchun GPU serverlari bilan jihozlangan. Har ikki loyiha Uptime Institute tomonidan Tier III Design sertifikatiga ega bo‘ldi. Kompaniyalar ma’lumotlarni O‘zbekiston hududida saqlashi va qayta ishlashi, kerakli quvvatlarni ijaraga olishi hamda yuklama ortishi bilan ularni bosqichma-bosqich kengaytirishi mumkin.
Mayonchalar o‘rtasida ma’lumotlarni tezkor almashish uchun Uztelecom Toyota Tsusho, NTT DOCOMO BUSINESS va NEC bilan hamkorlikda APN foton tarmog‘ining pilot loyihasini ishga tushirdi. Birinchi bosqichda tarmoq Ohangaron va Zangiota tumanlaridagi ma’lumotlar markazlarini bog‘laydi. Kanalning maqsadli o‘tkazish qobiliyati 800 Gbit/s, kechikish esa bir millisekunddan kam. Kelajakda tarmoq murakkab hisoblashlar va sun’iy intellekt bilan ishlash uchun bir nechta maydonchalarning quvvatlarini birlashtirish imkonini beradi.
Er usti tarmoqlarini qurish qiyin bo‘lgan chekka hududlar uchun Uztelecom sun’iy yo‘ldosh aloqasi yo‘nalishini rivojlantirmoqda. ICT Week ko‘rgazmasida kompaniya UZ-SAT qo‘shma korxonasi bilan hamkorlikda Amazon Leo loyihasini ishga tushirdi. UZ-SAT O‘zbekistonda Amazon’ning past orbitadagi sun’iy yo‘ldosh aloqa xizmatlarining vakolatli distribyutoriga aylandi. Sun’iy yo‘ldosh yechimlari mavjud tarmoqlarni to‘ldiradi va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi aholi hamda korxonalarni tarmoqqa ulashga yordam beradi.
B2O segmentida, aloqa operatorlari va internet-provayderlar bilan hamkorlikda, Uztelecom Sarcor, Beeline Uzbekistan va Ucell bilan hamkorlikni mustahkamladi. Tarmoq resurslaridan birgalikda foydalanish operatorlarga qamrovni kengaytirish va infratuzilmani rivojlantirish xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.
23 sentyabr kuni Uztelecom “Sun’iy intellekt — kelajak biznesi uchun infratuzilma” forumini o‘tkazdi. Besh mamlakatdan kelgan ekspertlar kompaniyalarda sun’iy intellektni joriy etish, ma’lumotlarni himoya qilish va mutaxassislarni tayyorlash masalalarini muhokama qildilar. Forumda Uztelecom va Apifonica O‘zbekistonda Ovozli sun’iy intellekt markazini tashkil etish bo‘yicha memorandum imzoladi. Loyihani Uztelecom’ning aloqa markazidan boshlash rejalashtirilgan: sun’iy intellekt agentlari abonentlarning odatiy murojaatlarini qayta ishlab, murakkab savollarni operatorlarga yo‘naltiradi. Keyinchalik ovozli xizmatlarni boshqa kompaniyalarga ham taklif qilish rejalashtirilmoqda.
Ko‘rgazma stendida Uztelecom TelecomSoft kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Hamroh mahsulotini taqdim etdi. Bu shahar navigasiyasi, avtoparkni boshqarish va maishiy xizmatlarni birlashtirgan ilova. U aqlli transport tizimidan ma’lumotlarni oladi va yo‘l holatini, jumladan, svetofor signali o‘zgarguncha qolgan vaqtni ko‘rsatadi. Kompaniyalar uchun avtoparkni boshqarish, shuningdek, sug‘urta va texnik ko‘rik muddatlarini nazorat qilish vositalari ham ko‘zda tutilgan. Uztelecom ma’lumotlariga ko‘ra, ICT Week kunlarida Hamroh foydalanuvchilari soni 300 mingdan oshgan. Ilovaning korporativ vositalaridan 100 dan ortiq tashkilot foydalanadi.
Infratuzilmani kengaytirish bulutli platformalar, tarmoqlar va sun’iy intellekt tizimlari bilan ishlay oladigan mutaxassislarni talab qiladi. ICT Week doirasida imzolangan beshta kelishuv aynan ta’limga bag‘ishlangan. SKOLKOVO Moskva boshqaruv maktabi bilan hamkorlikda kompaniya xodimlar, mijozlar va hamkorlar uchun korporativ universitet yaratmoqda. Coursera kurslarini Uztelecom’ning ta’lim platformasiga kiritish rejalashtirilmoqda.
Huawei esa muhandislar uchun seminarlar o‘tkazib, o‘z yechimlarini joriy etishning amaliy misollarini tahlil qiladi. IT-ta’lim assosiasiyasi hamda Sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda kompaniya xalqaro sertifikatlashga tayyorgarlik ko‘rish va sun’iy intellekt bilan ishlash bo‘yicha ta’lim dasturlarini amalga oshiradi.
Yangi ma’lumotlar markazlaridan tortib mutaxassislarni tayyorlashgacha — Uztelecom’ning ICT Week’dagi loyihalari mamlakatning raqamli rivojlanishi uchun zamin yaratmoqda. Odamlar uchun bu aloqa, ta’lim va qulay xizmatlardan foydalanish imkoniyati bo‘lsa, biznes uchun — o‘sish va rivojlanish resursidir. Shu tariqa, kompaniya o‘zining “Uztelecom. Texnologiyalar har bir kishi uchun” tamoyilini amalda namoyon etadi.