Pulli sinflar ochilayotgani haqida vazirlik bayonot berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda maktablarda pulli sinflar ochilayotganligi xususida turli fikrlar bildirilmoqda.
Avvalo shuni ma’lum qilamizki, O‘zbekiston Konstitusiyasining 50-moddasida qat’iy belgilab qo‘yilganidek, "davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim olishni kafolatlaydi."
Shunga muvofiq, mamlakatimizdagi umumta’lim maktablaridagi barcha darslar tasdiqlangan o‘quv rejaga muvofiq bepul amalga oshirilishini ma’lum qilamiz.
Ijtimoiy tarmoqlarda “pulli sinf” deb talqin etilayotgan holatlar aslida davlat umumta’lim maktablarida o‘quvchilarga o‘quv reja va davlat ta’lim standartlaridan tashqari qo‘shimcha bilimlar berish uchun tashkil etiladigan ta’lim xizmatidir.
Ushbu mezon Hukumatning 2019-yil 22-apreldagi 343-son qarori bilan tasdiqlangan tegishli Nizomda alohida qayd etilgan.
Maktablarda tashkil etiladigan qo‘shimcha ta’lim xizmatlari maktablarning o‘quv dasturlarida nazarda tutilmagan (davlat ta’lim standartlaridan tashqari) mashg‘ulotlar bo‘yicha maktab direktori va o‘quvchilarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘rtasida ixtiyoriylik asosida tuziladigan shartnoma asosida ko‘rsatiladi.
Pulli ta’lim xizmatlaridan topilgan byudjetdan tashqari mablag‘larning 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdori o‘qituvchilarga haq to‘lashga, qolgan qismi maktabning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga va xodimlarni rag‘batlantirishga yo‘naltirilishi mumkin.
Eng muhimi, maktablarda tashkil etiladigan pulli ta’lim xizmatlariga direktor va pedagoglar tomonidan o‘quvchilarni majburiy tartibda jalb etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
2025-2026-o‘quv yilida 738 ming nafar bola 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan va ularning barchasi o‘quv rejadagi fanlardan bepul o‘qitilishi kafolatlanadi.
Qo‘shimcha ta’lim xizmatlari, eng avvalo ota-onalarning tashabbusi, ya’ni ular o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma asosida o‘quv yili boshlanganidan so‘ng ixtiyoriylik asosida tashkil etilishi mumkin.
Shu o‘rinda barcha maktab direktorlarini ota-onalarni qo‘shimcha pulli ta’lim xizmatlariga majburiy tartibda jalb etmaslik haqida qat’iy ogohlantiramiz. Davlat ta’lim standartlaridagi darslar pul evaziga o‘qitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Hurmatli ota-onalar!
"Bu borada belgilangan qonuniy talablar buzilganlik holatiga duch kelsangiz, vazirlikning Ishonch telefoni (71-202-09-09)ga murojaat etishingizni so‘raymiz. Sizning murojaatingiz tezkor o‘rganib chiqilishi ta’minlanadi," deyiladi vazirlik xabarida.