Bugun 17 may, 2024 yil, juma

КИР

Maktablar mavsumga tayyormi?

Maktablar mavsumga tayyormi?

Farg‘ona viloyati xalq ta’limi muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.

Joriy yilning 2 noyabr kuni Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan xalq ta’limi tizimini yanada rivojlantirish borasidagi islohotlar samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda maktablarni kuz-qish mavsumiga to‘liq tayyorlash choralarini ko‘rish borasida zarur topshiriqlar berilgan edi. Viloyatdagi 938 ta’lim maskanida mazkur yo‘nalishda aniq tadbirlar belgilanib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda ta’lim muassasalarini kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga tayyorlashga muhim e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, binolar, muhandislik-kommunikasiya tizimlari, isitish tarmoqlarini ta’mirlash va yangilash ishlari avjida.

– Mavsumga tayyorgarlik uchun mahalliy byudjet hisobidan 17 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilib, 117 umumta’lim maktabida joriy ta’mirlash ishlari bajarildi, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ma’rifjon Turdimatov. – Shuningdek, respublika ishchi guruhi tomonidan aniqlangan 217 ta’lim maskanidagi muammolar ham bartaraf etilmoqda. Ayni paytga qadar ta’lim maskanlarida 530 dona yangi tejamkor qozonlar o‘rnatildi. Yuzdan ortiq qozon va qozonxonalarni joriy va mukammal ta’mirlash ishlari yakunlandi. Borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlardagi ta’lim muassasalari ko‘mir bilan ta’minlanmoqda.

Barcha ta’lim muassasalarining holati va isitish tizimlari atroflicha o‘rganilib, zarur chora-tadbirlar belgilab olindi. Tayyorgarlik ishlarining o‘z vaqtida bajarilishi va sifatini nazorat qilish maqsadida mas’ul vakillar, hududiy nazoratchilar biriktirildi. Kuz-qish mavsumida ta’lim muassasalarining barqaror ishlashini ta’minlash uchun yetarlicha ko‘mir va briket zaxirasi yaratildi. Isitish va suv tarmoqlari, binolarning 8 ming kvadrat metr tom qismi joriy ta’mirlandi. 390 dona eshik va rom, oynalar almashtirildi, shuningdek, 72 ta ta’lim maskaniga energiya tejovchi lampalar o‘rnatildi.

Oltiariq tumanidagi 46 umumta’lim maktabida ham mavsumga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Bugungi kunda barcha umumta’lim maktablari yetarli ko‘mir bilan ta’minlangan. Tayyorgarlik jarayoni qayta monitoring qilinganda aniqlangan kamchiliklar ham bartaraf etilayotir.

Fayzobod qishlog‘idagi 16-umumta’lim maktabi joriy yilda kapital ta’mirlandi. Zamonaviy sport zali, oshxona, maxsus o‘quv xona o‘quvchilar ixtiyoriga topshirildi. Ta’lim dargohida xonalarni isitish uchun qozonxona, yoritgichlar o‘rniga energiya tejovchi lampalar o‘rnatildi. Ayni kunlarda mazkur ta’lim maskanida 795 o‘quvchi tahsil olmoqda. Maskanning toza-ozodaligi, sinfxonalar va fan kabinetlarining did bilan bezatilgani, har bir jihozdan samarali foydalanilayotgani pedagogik jamoa faoliyati va o‘quvchilarning o‘zlashtirishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

– Ilgarilari qish keldi deguncha tashvishga tushardik, – deydi maktab direktori Bahrom Salomov. – Chunki maktabimizdagi isitish tizimi yaxshi ishlamas edi. Bugun esa bunyodkorlik ishlari natijasida barcha sharoit yaratilgani bizni mamnun qilmoqda. Bunday imkoniyatlarga javoban o‘quvchilarimiz namunali xulqi, a’lo o‘qishi bilan javob berayotir.

Muxtasar aytganda, ta’lim muassasalarida kuz-qish mavsumi oldidan olib borilayotgan keng ko‘lamli yumushlar yosh avlodning zamon talablari asosida bilim olishi, hunar o‘rganishi, o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon etishiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yana bir ifodasidir.

O‘zA

Kiritildi: 12:49 07.11.2018. O'qildi: 2649 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!