Muallimalarimiz qattiq dakki berib, zo‘rg‘a tinchlantirardi. Biroq sinfxonaga fizika o‘qituvchimiz kirsa, suv quygandek jim-jitlik bo‘lardi-qolardi. Balki erkak o‘qituvchi bo‘lgani uchunmi, undan hamma hayiqardi-da.
Darhaqiqat, maktabda erkak o‘qituvchining o‘rni bo‘lakcha. Tartib-intizom saqlashda, darslarni tushuntirishu o‘quvchining o‘zlashtirishida ham ularning ta’siri kuchli ekani, shubhasiz. Bugungi kunda maktablarda o‘qituvchi deganda negadir asosan ayollardan iborat jamoa anglashiladigan bo‘lib qolgan. Boisi qariyb barcha maktab pedagog jamoasining asosini ayol o‘qituvchilar tashkil etmoqda.
Xo‘sh, umumta’lim maktablariga erkak o‘qituvchi nega kerak? Ular soni nima uchun bu darajada kamayib ketdi? Ta’lim jarayonida ularning o‘rnini qanday to‘ldirish mumkin?
Ziyodulla OTAQULOV, Koson tumanidagi 97-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi:
Menimcha, so‘nggi vaqtlarda o‘qituvchilik kasbini kamdan-kam yigitlar tanlamoqda. Balki ular o‘zini bu kasbda umuman tasavvur qila olmayotgandir. Chunki ularning ko‘pi faqat ayol muallimalar qo‘lida o‘qigan...
Shahardan farqli o‘laroq, qishloq maktablarida erkak o‘qituvchilar soni ko‘proq. Masalan, bizning maktabda yigirmaga yaqin erkak muallim bor. Shaxsan o‘zim o‘n uch yildan beri geografiya fanidan dars beraman. Aslida o‘qituvchilik, ayniqsa, erkak uchun biroz murakkab kasb. Ayniqsa, yuqori sinfda o‘qiydigan yigit-qizlarga dars berishning o‘ziga yarasha mashaqqatli jihatlari bor. Sababi, o‘smirlarni butun boshli dars mobaynida bir xil muhitda ushlab turish mushkul. Bunday yoshda bolalar biroz jo‘shqinroq bo‘ladi.
O‘zim 8-sinf rahbariman. O‘g‘il bolalar bilan muntazam ish olib boraman. Yigitlar yig‘ini , Otalar majlisi , degan tadbirlar uyushtiramiz. Sinfimda turli oilaviy sharoitda voyaga yetayotgan bolalar o‘qiydi. Ayniqsa, ota tarbiyasidan uzoq yo mosuvo bolalar uchun maktabdagi erkak o‘qituvchining o‘rni katta. Biz ularga, kezi kelganda, qattiqqo‘llik qilamiz, ba’zan esa, otalarcha maslahat beramiz, boshini silaymiz. Shunday chog‘larda ular bizni o‘ziga yanada yaqin olib, ko‘nglidagi bilan o‘rtoqlashadi. O‘qishida o‘zgarish bo‘ladi.
O‘g‘il bolada ulg‘aygani sayin o‘zini tengdoshlariga ko‘rsatish ishtiyoqi kuchayib boradi. Bu esa, yoshlar orasida bezorilik, mushtumzo‘rlik, eng achinarlisi, bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urishigacha olib borishi ham mumkin.
Gulmira YUNUSOVA, Samarqand shahridagi 10-sonli umumta’lim maktabi direktori:
Yangi o‘quv yilidan boshlab, pedagog xodimlarning oylik maoshi oshirilishi va har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi natijasida maktabimizga yana yetti nafar erkak o‘qituvchi ishga olindi. Bundan oldin bor-yo‘g‘i ikki nafar erkak o‘qituvchi ishlardi, xolos. Erkak muallimlarimiz ko‘payishi o‘quvchilarimiz axloq-odobida ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Endi ular yanada mas’uliyat bilan ilm olmoqda, har qadamini o‘ylab bosyapti.
Ayniqsa, o‘quvchi yigitlarimiz orasida o‘qituvchilik kasbiga mehr oshgani seziladi, ularda shu kasbni tanlash ishtiyoqi kuchaymoqda. Har oyda bir marta erkak o‘qituvchilarimiz tomonidan maktabimizda Yigitlar majlisi o‘tkaziladi. Unda o‘quvchilar o‘zini qiziqtirgan har qanday savolga javob oladi.
Ta’lim maskanlarida erkak muallimlar ko‘paysa, o‘quvchilarning o‘zini tutishi va xatti-harakatlarida ham ijobiy natijalarga erishilishi rost gap. Baribir erkak o‘qituvchining o‘rni va uning o‘quvchilarga berayotgan ta’lim-tarbiyasi yosh avlod kelajagi uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nasiba AZIZOVA, uy bekasi:
Uch farzandimiz maktabda o‘qiydi. To‘ng‘ich o‘g‘lim juda sho‘x. O‘smir yoshdaligi bois undan ko‘p xavotir olaman. Otasi bilan doim ularning tartib-intizomini, o‘qishini nazorat qilib turamiz. Har oyda ikki marta sinf rahbari bilan uchrashib, o‘g‘limiz o‘qishi va tarbiyasiga qattiq turishini tayinlaymiz. Afsuski, katta o‘g‘limning maktabida faqat jismoniy tarbiya fanidan erkak o‘qituvchi bor, xolos...
Agar maktabda erkak o‘qituvchi ko‘proq bo‘lganida bu o‘g‘il bolalarning yurish-turishiga ijobiy ta’sir qilardi, albatta. Negaki, tez-tez eshitib turamiz: ba’zi maktab o‘quvchilari o‘zaro guruh-guruh bo‘lib mushtlashar ekan. Bu bilan ular o‘zini go‘yoki o‘g‘il bola ekanini isbotlagisi keladi. Nazarimda, bunday bolalarga erkak ustozlar alohida suhbatlar o‘tkazib, haqiqiy erkak qanday shakllanishi haqida tushuntirish ishlarini olib borganida o‘quvchilar bu darajaga bormasdi.
Ilhom TOSHPO‘LATOV, Tayloq tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi:
Maktablarda erkak muallimlarning bo‘lishi o‘quv muassasasi muhitiga va ta’lim sifatiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Agar biror o‘quvchi aytilgan vazifalarni o‘z vaqtida bajarmasa, uning ba’zan o‘ylab topgan bahonalarini inobatga olmaydi. Shafqat ham qilib o‘tirmaydi. Bu esa, o‘quvchining faqat foydasiga xizmat qiladi. Tajribamda ko‘p kuzatganman: erkak o‘qituvchi ko‘p bo‘lgan maktab o‘quvchilarining aksariyati oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kira oladi. Nimaning hisobiga? Albatta, talabchanlik, qattiqqo‘llik evaziga.
Shunday ekan, erkak o‘qituvchi ko‘p maktabda ichki tartib-intizom ham mustahkam bo‘ladi. O‘zaro hurmat, o‘quvchilarning yomon illatlardan yiroq yurishi uchun ham erkak muallimlar kerak. Eng muhimi, o‘g‘il bolalarga, ayniqsa, mehnatsevarlikni o‘rgatishda ham ularning roli katta, deb bilaman.
* * *
Darhaqiqat, yurtdoshlarimizning gapida jon bor. Maktablarga erkak o‘qituvchilar kerak, deyish oson. Biroq erkak kishi, qayerda ishlamasin, ro‘zg‘orini tebrata olmog‘i kerak. Maktablarda yaqin-yaqingacha oila boshlig‘i hisoblangan erkak o‘qituvchilarning soni kamayib ketganiga u-bu emas, aynan ro‘zg‘or tebratishga yetadigan maosh ololmagani eng muhim sabab edi, desak, noto‘g‘ri bo‘lmaydi.
Keyingi paytlarda maktablarda o‘qituvchining o‘rni, uning mavqeini oshirish maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining 2018 yil 14 avgustda Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida gi qaroriga muvofiq, bir qator muhim o‘zgarishlar bo‘ldi. Masalan, ushbu hujjatga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stafkalari 2018 yil 1 sentyabrdan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun o‘rtacha 1,1 baravarga, yuqori sinf o‘qituvchilari uchun o‘rtacha 1,24 baravargacha, direktorlar, uning o‘rinbosarlari va axborot-resurs markazi mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 baravarga oshirildi.
Shuningdek, 2018 2020 yillarda pedagog kasbining yuksak ijtimoiy mavqei va obro‘sini targ‘ib qiluvchi O‘qituvchi va murabbiylar xiyobonlari tashkil etilishi belgilandi. Pedagog xodimlar majburiy mehnat va ortiqcha qog‘ozbozlik ishlaridan ham ozod etildi. Endi ular vaqtini faqat yosh avlodga bilim berishga sarflaydi.
Albatta, bunday ijobiy o‘zgarishlar erkak-pedagoglarni ham maktabga qaytarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi to‘rt oyda 13 mingga yaqin erkak o‘qituvchi maktablarga qaytgan. Bu yaxshi o‘zgarish, albatta. Umid qilamizki, bu hali boshlanishi. Istardikki, har bir maktabda erkak o‘qituvchi yetarli bo‘lsin. Shunda kelajak avlod vakillari mas’uliyatni yanada kuchliroq his etib kamol topadi.
Manba: od-oress. uz