Fransiya prezidenti Emmanuel Makron yana ikkinchi bor xalqaro hamjamiyatni Isroilga qurol yetkazib berishni to‘xtatishga chaqirdi. Fransiya rahbari yahudiy davlatini Livandagi BMT tinchlikparvar kuchlarini ataylab nishonga olganlikda aybladi.
«Buni hammamiz bilamiz. Bu bunga chek qo‘yadigan o‘ziga xos dastak», — dedi Makron Kiprda bo‘lib o‘tgan Yevropa va O‘rta yer dengizi yetakchilarining sammitida.
Fransiya prezidentining aytishicha, Livandagi BMT tinchlikparvar kuchlari Isroil qo‘shinlari tomonidan ataylab nishonga olinayotgan vaziyat «mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi».
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ilk bor Isroilga qurol yetkazib berishni to‘xtatishga chaqirgan edi.
«Menimcha, bugungi kunda ustuvor vazifa siyosiy yechimga qaytishimiz, G‘azodagi urush uchun ta’minotni to‘xtatishimiz», dedi Makron France Inter telekanaliga.