— “Makler”lik bilan shug‘ullanadigan bir tanishim «Sotiladigan uy bor», deb uch xonali kvartirani ko‘rsatdi. Uy ma’qul bo‘lib, narxini kelishdik. U «Pulini menga berasizlar, egasi xorijda», deganiga, qolaversa, tanish bo‘lganiga ishonib, pulning yarmini berdik. Keyinroq bizni aldagani ma’lum bo‘ldi. Ichki ishlarga ariza yozganimizdan keyin uni ushlashdi. Hozir tergov ketyapti. So‘ramoqchi bo‘lganim, «makler»ga bergan pulimizni qaytarib ololamizmi?
Ismi sir tutildi.
Murojaatga fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi raisi G‘ayrat Ergashev javob berdi:
— Murojaatingizdan aniqlanishicha, sizni tanishingiz aldagan holda pullaringizni olib qaytarib bermagan va mazkur holat bo‘yicha tergov harakatlari ketmoqda. Bunday holatda tergov harakatlari tugallanib, sizdan pul olgan inson harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlansa unga nisbatan jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqiladi va jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar undiriladi.
Fuqarolik kodeksining 985-moddasiga asosan g‘ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, shuningdek yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, shu jumladan boy berilgan foyda zararni yetkazgan shaxs tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim. Qonunda zararni to‘lash majburiyati zarar yetkazuvchi bo‘lmagan shaxsga yuklatilishi mumkin.
Qonunchilikda yoki shartnomada jabrlanuvchilarga zararni to‘lashdan tashqari tovon to‘lash majburiyati belgilab qo‘yilishi mumkin.
Zarar yetkazgan shaxs, agar zarar o‘z aybi bilan yetkazilmaganini isbotlasa, zararni to‘lashdan ozod qilinadi. Qonunda zarar yetkazgan shaxsning aybi bo‘lmagan taqdirda ham zararni to‘lash nazarda tutilishi mumkin.
Qonuniy harakatlar tufayli yetkazilgan zarar qonunda nazarda tutilgan hollarda to‘lanishi lozim.
Agar zarar jabrlanuvchining iltimosi yoki roziligi bilan yetkazilgan bo‘lsa, zarar yetkazgan shaxsning harakatlari esa jamiyatning axloqiy tamoyillarini buzmasa, zararni to‘lash rad etilishi mumkin.
Agar sudning hukmi bilan yetkazilgan zarar undirilmasdan, da’vo ariza bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudiga murojaat qilish tushuntirilsa, siz yuqorida qayd etilgan qonun talabiga ko‘ra, tegishli fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudiga ushbu zararni undirishni so‘rab murojaat qilishingiz mumkin.