Bugun 20 sentyabr, 2024 yil, juma

КИР

MAGATE bilan hamkorlikda onkologiya sohasida mutaxassislar tayyorlanadi

MAGATE bilan hamkorlikda onkologiya sohasida mutaxassislar tayyorlanadi

Shu kunlarda Avstriya poytaxti — Vena shahrida Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentligi (MAGATE) Bosh konferensiyasining 68-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov va MAGATE bosh direktori Rafael Grossi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Samimiy va do‘stona ruhda kechgan muloqotda tomonlar so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Darhaqiqat, bugungi kunda mamlakatimiz agentlik bilan yadroviy tibbiyot, shu jumladan tibbiy nurlanishda radiologik himoya me’yorlarini takomillashtirish, nur terapiyasi uskunalarini modernizasiya qilish, diagnostik radiologiya sifatini oshirish kabi qator sohalarda hamkorlik qilib kelmoqda.

Uchrashuvda yana bir muhim yo‘nalish — Toshkent shahrida yangidan barpo etilgan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

— Ushbu loyiha onkologik kasalliklarni diagnostika qilish va davolashning zamonaviy usullarini joriy etish, pirovardida O‘zbekistonda onkologiya xizmatining sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Biz ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyormiz, — dedi R.Grossi.

Ta’kidlash joiz, davlatimiz rahbari shu yil avgust oyida markazda yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar bilan tanishish chog‘ida xodimlarni o‘qitish, muassasada samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish topshrig‘ini bergan edi. Mazkur hujjatning imzolanishi ana shu vazifalar ijrosiga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Uchrashuv yakunida A.Xudayarov MAGATE bosh direktorini yurtimizda yadroviy tibbiyot sohasida erishilgan yutuqlar bilan yaqindan tanishish uchun O‘zbekistonga taklif qildi.

Kiritildi: 13:37 19.09.2024. O'qildi: 330 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!